Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida harbiy xizmatchilar o‘rtasida tibbiy madaniyatni oshirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida “Tabobatning inson salomatligida tutgan o‘rni” mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Davra suhbatida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, immunitetni mustahkamlash va turli kasalliklarning oldini olishda tibbiy gigiyena muhim vosita ekani ta’kidlandi. Sog‘lom inson mustahkam jamiyat poydevori ekani, harbiy xizmatchining salomatligi esa nafaqat uning shaxsiy hayoti, balki xizmat burchini yuksak darajada ado etishida ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Shuningdek, xalq tabobatining asrlar davomida shakllangan boy tajribasi, o‘simliklardan tayyorlanadigan shifobaxsh damlamalar, tabiiy yog‘lar va sog‘lom ovqatlanish usullarining foydasi haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tadbir davomida FVV akademiyasi tibbiyot xizmati mutaxassislari ham so‘zga chiqib, xalq tabobati va ilmiy tibbiyotning uyg‘unligi, harbiy sharoitda sog‘liqni asrashning samarali yo‘llari, jismoniy tayyorgarlik va psixologik barqarorlikni ta’minlash masalalariga to‘xtaldi.

Yakunda ochiq muloqot tashkil etilib, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan javoblar olishdi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi va O‘zbekiston Xalq tabobati assotsiatsiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA