Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
FVV akademiyasi bitiruvchilariga diplom va leytenant harbiy unvoni tantanali topshirildi
17:44 / 2022-06-20

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida bitiruvchi kursantlarga diplom va leytenant harbiy unvonini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida bitiruvchi kursantlarga diplom va leytenant harbiy unvonini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. 



Tadbirda FVV vaziri general-mayor Abdulla Qo‘ldoshev hamda FVV akademiyasi boshlig‘i general-polkovnik Qobul Berdiyev so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida” va “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonunlari yurtimizda oliy ma’lumotli mutaxassis kadrlarni har tomonlama yetuk, mas’uliyat va burchini chuqur his qiladigan hamda o‘z kasbini sevib ardoqlaydigan, fidoyi insonlar qilib tarbiyalash uchun keng imkoniyatlarni yaratib berayotganini ta’kidladi. 

So‘nggi yillarda oliy ta’lim muassasalari ilmiy salohiyatini mustahkamlash, oliy ta’limda ilm-fanni yanada rivojlantirish, uning akademik ilm-fan bilan integratsiyalashuvini kuchaytirish, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining ilmiy-tadqiqot faoliyati samaradorligi va natijadorligini oshirish, iqtidorli yoshlarni ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishga keng jalb etishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Ushbu islohotlar jarayonida Favqulodda vaziyatlarning oldini olish sohasida kadrlar tayyorlash masalasiga qaratilayotgan e’tiborni ham alohida qayd etish joiz. 

Tadbirda “Yong‘in xavfsizligi” va “Texnosfera xavfsizligi” mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olgan 150 nafar bitiruvchilardan 5 nafari imtiyozli diplom bilan bitirdi. Bitiruvchilarga harbiy unvonlar generallar tomonidan tantanali ravishda topshirildi. Tantana davomida so‘zga chiqqan bitiruvchilar va ularning ota-onalari, taklif etilgan mehmonlar o‘zlarining his-hayajonga to‘la tilaklarini izhor etib, yosh ofitserlarni samimiy muborakbod etishdi. 

Akademiya orkestri ijrosidagi Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlarga ulanib ketdi.

— Bugun biz, yosh ofitserlarning quvonchimiz cheksiz, — dedi bitiruvchi leytenant Sardorbek Toxirov. – Bizni voyaga yetkazgan ota-onalarimizga, ta’lim-tarbiya bergan ustozlarimizga, barcha shart-sharoitlarni yaratib bergan muhtaram Prezidentimizga samimiy minnatdorligimizni bildiraman. Albatta, xalqimizning tinch-osuda hayotini, sog‘ligini asrashdek baxtli kasb bo‘lmasa kerak, biz ana shunday qutqaruvchilikdek sharafli kasbni egallab, yetuk kadrlar bo‘lib yetishganimizdan va Ona Vatanimiz ravnaqiga o‘z hissamizni qo‘shayotganligimizdan faxrlanamiz. Davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan yaratib berilayotgan keng imkoniyat va qulay shart-sharoitlarga javoban, xizmat faoliyatimizda favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlash yo‘lida bor kuch-g‘ayratimizni safarbar etishga va’da beramiz. 

— Bugun farzandim Islombek ofitserlik unvonini olib, mustaqil hayotga yo‘l olayotganidan boshim ko‘kka yetdi, — dedi polkovnik Nurjan Bekbaum. — O‘zim ham shu sohada mehnat qilayotganligim sababli bizning oilamizda ham ushbu kasbga xos bo‘lgan muhit shakllangan va shu ruhda voyaga yetgan. Ishonamanki, farzandlarim jonajon Vatanimiz va xalqimiz xizmatida bo‘lib, ushbu oliy dargohda olgan nazariy bilim va ko‘nikmalarini amaliyotda qo‘llab, mustaqil yurt osoyishtaligini ta’minlashga bor kuch va shijoatlarini safarbar etadilar. 

Gulnoza Boboyeva, O‘zA