Indoneziyada bo‘lib o‘tayotgan Osiyo Kubogida guruh bosqich uchrashuvlari o‘z yakuniga yetdi. Chorak final juftliklari va o‘yinlar sanasi ham ma’lum bo‘ldi. Yaqin vaqtlar ichida shu haqida qisqacha ma’lumot beramiz.
“A” guruhi
"A" guruhining 3-turidan o‘rin olgan markaziy o‘yinda mezbon Indoneziya futzalchilari Iroqqa qarshi parketga chiqdi. Teng kurashlar ostida o‘tgan o‘yinda g‘olib nomi aniqlanmadi 1:1. Guruhning ikkinchi o‘yinida esa qo‘shnilarimiz Qirg‘iz Respublikasi terma jamoasi Janubiy Koreya bilan bahs olib bordi. Qirg‘iz Respublikasi vakillari raqibdan 3:2 hisobida ustun kelib, guruhda 3-o‘rinni egalladi.
Shu tariqa, Indoneziya guruhni 7 ochko bilan birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Iroq terma jamoasi ham 7 ochko jamg‘argan va to‘plar farqiga ko‘ra ikkinchi pog‘onani band etdi.
“B” guruhi
Ushbu kvartetda 3-turni ochib bergan o‘yin "B" guruhining yetakchilari Tailand va Vetnam o‘yini bo‘ldi. Ushbu bellashuvda Tailand futzalchilari minimal hisobda g‘alaba qozondi va guruh bosqichini birinchi o‘rin bilan yakunladi. Guruhning ikkinchi o‘yinida Livan va Quvayt terma jamoalari bahs olib bordi. Uchrashuvda Quvayt vakillari yirik 7:2 hisobida zafar quchib, guruhda 3-o‘rinni egalladi. 3-turdan so‘ng Tailand 9 ochko bilan birinchi, Vetnam esa 6 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egallab, pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
“C” guruhi
O‘zbekiston terma jamoasi joy olgan "S" guruhida so‘nggi tur bellashuvlari juda qizg‘in va intrigaga boy tarzda o‘tdi.
To‘rt karra qit’a chempioniga qarshi uchrashuv biroz xavotirli boshlanganiga qaramay, O‘zbekiston milliy terma jamoasi hisobni birinchi bo‘lib ochdi. Bahsning 7-daqiqasida Shahrum Faxriddinov jarima maydonimiz yaqinida to‘pni raqibdan olib qo‘ydi va o‘ng qanot bo‘ylab hujum uyushtirdi. Bir himoyachini ortda qoldirgan Faxriddinov sovuqqonlik bilan to‘pni darvozaning uzoq burchagiga joylab qo‘ydi — 1:0.
Gol futbolchilarimizning o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshirdi va tashabbus O‘zbekiston tomoniga o‘tdi. Yaponiya darvozaboni Silveira Faxriddinovning ketma-ket ikki zarbasini qaytardi. Shuningdek, Akbar Usmonov, Muzaffar Ahadjonov, Ilhom Hamroyev va Xayrulla Solihovlar hujumda faollik ko‘rsatishdi.
Ikkinchi bo‘limda Yaponiya o‘yin sur’atini oshirdi. Dastlabki soniyalardayoq Elmurodov Shimidzuning xavfli zarbasini qaytardi. Qarshi hujumlarda imkoniyatlar bo‘ldi, biroq Sunnatilla Jo‘rayevning qulay vaziyatdagi zarbasini ham Silveira bartaraf etdi.
Afsuski, qisqa vaqt ichida Shoto Yamanaka ikki bor gol urib, o‘yinning borishini o‘zgartirdi. Shuni ham ta’kidlash joizki, bir vaziyatda Akbar Usmonovning mahorati darvozamizni aniq goldan saqlab qoldi.
Guruhning ikkinchi o‘yinida esa Tojikiston va Avstraliya terma jamoalari 1:1 hisobidagi durangga imzo chekdi.
Bizning guruhda Yaponiya yuz foizlik natija, ya’ni 9 ochko bilan birinchi, O‘zbekiston esa 4 ochko bilan ikkinchi o‘rinda chorak finalga yo‘l oldi. Tojikiston va Avstraliya uchun musobaqa guruh bosqichining o‘zidayoq yakunlandi.
“D” guruhi
Guruh bosqichini yopib bergan “D” guruhida so‘nggi tur doirasida Eron va Afg‘oniston terma jamoalari peshqadamni aniqlash uchun bahs olib bordi. O‘yin mobaynida eronliklar raqiblaridan ustun ekanini ko‘rsatib, 5:2 hisobida g‘alaba qozonib o‘z hisobiga 3 ochkoni yozdirib qo‘ydi. Guruhning ikkinchi uchrashuvida esa Saudiya Arabistoni va Malayziya terma jamoalari parketga chiqdi. Bellashuvda katta ustunlik ko‘rsatgan saudiyaliklar raqibni 6:1 hisobida tor-mor etdi.
Mazkur kvartetda Eron birinchi, Afg‘oniston esa ikkinchi o‘rin bilan pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Mazkur turnirda allaqachon chorak final juftliklari ham ma’lum bo‘lib ulgurdi.
Ushbu bosqichda Indoneziya Vetnam bilan bahs olib borsa, Tailand Iroq bilan yarim final ostonasida parketga chiqadi.
Chorak finalning eng katta afishaga ega o‘yini esa hamyurtlarimizga tegishli bo‘lib, termamiz o‘z o‘yinini Osiyoning eng sovrindor termasi sanalgan, 13 karra qit’a birinchiligi g‘olibi bo‘lgan Eronga qarshi o‘tkazadi.
Futzal tomonlama yaxshigina o‘sishga erishgan qo‘shnilarimiz Afg‘oniston terma jamoasi esa mazkur bosqichda Yaponiya bilan o‘yin o‘tkazadi. Barcha uchrashuvlar 3-fevral sanasida bo‘lib o‘tadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/HKKWT7ce-Ws" title="Futzalchilarimizning chorak finalgacha yoʻli" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Karim Xudoyqulov, O‘zA