Futzalchilarimiz Gvatemalani mag‘lub etdi
Joriy yilning 14 sentyabr – 6 oktyabr kunlari yurtimizning Andijon, Buxoro hamda Toshkent shaharlarida futzal bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tadi. Ayni damda futzal bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi ushbu dunyo birinchiligiga puxta tayyorlanmoqda.
Jamoamiz tayyorgarlik doirasida Gvatemala terma jamoasi bilan navbatdagi o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazdi. Ushbu o‘yinda futzalchilarimiz 3:1 hisobida zafar quchdi. E’tiborlisi, uchrashuvdagi barcha gollar terma jamoamiz futbolchilari hisobiga yozildi. Abror Ahmetzyanov, Mehroj Yunusov hamda Fazliddin Botirov tomonidan kiritilgan gollar jamoamiz hisobiga yozilgan bo‘lsa, Sunnat Jo‘rayev avtogol muallifi bo‘ldi.
Ma’lumot o‘rnida: mazkur jahon chempionati uchrashuvlari Toshkentdagi «Humo arena», Buxoro va Andijondagi «Universal» sport majmualarida o‘tkaziladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA