Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Futzal. Termamiz jahon chempionati sovrindorini mag‘lubiyatga uchratdi!
13:56 / 2021-08-28

Bahodir Ahmedov ustozligidagi terma jamoamiz 15 kundan keyin Litvada boshlanadigan jahon chempionatiga jiddiy tayyorgarlik ko‘ryapti. Ishonchimiz komilki, mundialda guruhda qolib ketmaymiz. Bunga dalillarimiz yetarli.

Birinchidan, jamoani o‘zimizning qorako‘z, yurtimizda mini-futbolga asos solingan 1996 yildan beri shu «oshxona» ichida «qovurilib kelayotgan» Bahodir Ahmedov boshqaryapti. Ikkichidan, unga xorijlik mutaxassislar yordam berishyapti, uchinchidan, O‘FAning qo‘llab-quvvatlashi natijasida termamiz dunyoga mashhur termalar bilan ko‘plab o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazdi, keragicha xalqaro tajriba orttirdi, «pishdi», to‘rtinchidan, beshinchidan... sabablari ko‘p.

E’tib or bering, futzalchilarimiz o‘z uylarida so‘nggi jahon chempioni Argentina, jahon chempionatlari ishtirokchilari Venesuela, Eron termalari bilan kuch sinashdi (Tojikiston, Qirg‘iziston bilan o‘yinlarni inobatga olmayapmiz), jahon chempionatiga so‘nggi tayyorgarlik sifatida esa Yevropada yig‘in o‘tkazish bahonasida yana o‘sha Argentina, maydon egalari Ispaniya bilan kuch sinashdi, ularda bitta yo ikkita to‘p farqlarida mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsada sharmandalikka yo‘l qo‘ymadi.

Mana endi yig‘inning ikkinchi va so‘nggi bosqichi Portugaliyada davom ettirilyapti. Bahodir Ahmedov shogirdlari bu yerda dastlab Kosta Rika bilan kuch sinashdi, o‘yinda kuchlar teng keldi – 3:3. Hamyurtlarimizdan gollarga Akbar Usmonov, Husniddin Nishonov va Anasxon Rahmatovlar mualliflik qilishdi.

Kecha esa vakillarimiz 2000 yilgi jahon chempionatining bronza medali sohibi, 2016 yil Kolumbiyada o‘tgan mundialning uchinchi o‘rin uchun kurashda Eron termasiga penaltilar seriyasidagina imkoniyatni boy bergan Portugaliya termasiga qarshi maydonga tushdi. Xorijiy termalari bilan to‘p surish hadisini olayotgan o‘zbekistonlik futzalchilar nihoyat Yevropa vakili – jahon chempionati sovrindorini mag‘lubiyatga uchratishning uddasidan chiqishdi. Buning ustiga ikkita to‘p farqi bilan. Hamyurtlarimizdan gollarni Husniddin Nishonov, Davron Choriyev, Ilhom Hamroyev kiritdi. Gollar ham shunchaki oddiy vaziyatlardan emas, professional taktika va hujumning chiroyli ko‘rinishdagi yakuni. Oldinda yana Angola (29 avgust) va Litva (6 sentyabr) termalari bilan o‘rtoqlik o‘yinlari turibdi.

Demak, terma jamoamiz Litvaga – jahon chempionatiga sherdek «bo‘kirib» kirib borishiga va raqiblarini bir «hamla» bilan mag‘lub etishiga shubhamiz qolmadi.

Oybek YUNUSOV, O‘zA