Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Futzal. Terma jamoamiz kecha Ispaniyaga keldi, keyingi “bekat” Portugaliya, so‘nggi manzil esa Livan
19:12 / 2021-08-15

So‘nggi jahon chempionatida o‘z tarixidagi dastlabki ishtirokini boshlagan O‘zbekiston terma jamoasi navbatdagi mundiallarda ham kuchlilar safida bo‘lishga zo‘r berib intilyapti.

Aslida 2016 yilga qadar ham futzalchilarimiz barcha qit’a chempionatlarida faollik ko‘rsatishgan. Necha marotabadan kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritgan. Afsuski, aynan jahon chempionatiga yo‘llanma beruvchi mavsumlarda kerakli natijaga erisholmay, so‘nggi soniyalarda yo to‘rtinchi bo‘lib qoraldi, yohud yarim finalga chiqa olmasdi. Kolumbiyaga esa qit’ada ikkinchi jamoa sifatida bordi, yomon o‘ynamadi, muhimi sharmanda bo‘lmadi. Aksincha, o‘zga mamlakatlar mutaxassislarida iliq taassurotlar qoldirdi.

Livanda o‘tuvchi jahon chempionatiga esa saralash o‘yinlari pandemiya sababli tashkil etilmadi. Omadli termalar reyting natijaga ko‘ra aniqlandi. Bunda O‘zbekiston termasi hech qanday e’tirozlarsiz mundial ishtirokchilari qatoridan joy oldi.

Bahodir Ahmedov va uning shogirdlari Livanda o‘tadigan jahon chempionatida ham hech kimdan kam emasliklarini isbotlashga astoydil tayyorgarlik ko‘rishyapti. Bu yo‘lda O‘FA barcha zaruriy sharoitlarni yaratib berdi. Shu paytgacha termamiz O‘zbekistondan tashqari bir necha bor xorij mamlakatlarda yig‘inlar tashkil etdi, Marokash, Argentina, Eron, Tojikiston, Qirg‘iziston kabi nomdor termalar bilan o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazdi, yaqinda Tailandda tashkil etilgan xalqaro turnirda ishtirok etib, Kosova, Misr, Tailand, Eron termalari bilan kuch sinashdi, yakunda uchinchi o‘rinni egalladi.  

Futzalchilarimiz Livan safari oldidan so‘nggi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini Toshkentda  o‘tkazdi.   14 avgust sanasidan esa Toshkent-Istanbul-Madrid havo yo‘nalishi orqali Ispaniyaga safar etdi. U yerda futzalchilarimiz mashg‘ulotlar o‘tkazish bilan birga Madrid va Malaga shaharlarida Ispaniya va Argenti terma jamoalariga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushadi.

Navbatdagi safar Portugaliyaga amalga oshiriladi. 25-31 avgust kunlariga belgilangan mashg‘ulotlar orasida maydon egalari, Kosta-Rika va Angola futzal terma jamoalari bilan o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazish rejalashtirilgan.

Futzalchilarimiz Portu shahridagi yig‘inni yakunlab, 31 avgust kuni Litva poytaxti Vilnyus shahriga yo‘l oladi. Shuningdek, 6 sentyabr sanasida O‘zbekiston futzal terma jamoasi jahon chempionati mezboni hisoblangan Litva bilan o‘rtoqlik uchrashuvida qatnashishi ham ko‘zda tutilgan.

Xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvlari

15 avgust

Ispaniya – O‘zbekiston

19 avgust

Ispaniya – O‘zbekiston

21 avgust

Argentina – O‘zbekiston

26 avgust

Kosta-Rika – O‘zbekiston

27 avgust

Portugaliya – O‘zbekiston

29 avgust

Angola – O‘zbekiston

6-sentyabr

Litva – O‘zbekiston

Murabbiylar shtabi mazkur o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari uchun 16 nafar futzalchini jalb etgan.

Darvozabonlar: Abbos Elmurodov ("Xuaxin Jizzax"), Ravshan Eliboyev ("Paxtakor"), Rustam Umarov (AGMK)        

Himoyachilar: Ixtiyor Ropiyev (AGMK), Xushnur Erkinov ("Metallurg"), Mashrab Odilov ("Paxtakor"), Anasxon Raxmatov (AGMK), Ilhom Hamroyev (AGMK), Husniddin Nishonov (AGMK), Dilshod Rahmatov ("Xuaxin Jizzax"),  

Hujumchilar: Davron Choriyev (AGMK), Sunnatulla Jo‘rayev ("Paxtakor"), Elbek To‘lqinov ("Maksam Chirchiq"), Akbar Usmonov ("Paxtakor"), Muzaffar Ahadjonov (AGMK), Shahzodjon Sadiyev (AGMK).