Bugun, 16 sentyabr kuni poytaxtimizdagi “Yunusobod” sport majmuasida futzal bo‘yicha O‘zbekiston – Yaponiya milliy terma jamoalari o‘rtasida o‘rtoqlik o‘yini bo‘lib o‘tadi.
"Osiyo kubogi-2026" saralash bahslariga tayyorgarlikning muhim bosqichi sanalgan mazkur uchrashuv oldidan O‘zbekiston – Yaponiya futzal jamoalarining o‘zaro o‘yinlari tarixiga nazar tashlasak. Xo‘sh, ikki jamoa o‘rtasidagi ilk o‘yin qachon ro‘y bergan? Umumiy hisob-kitoblar bugungacha qanday ko‘rinish olgan?

Kunchiqar yurt vakillari bilan mamlakatimiz futzalchilari ham rasmiy, ham o‘rtoqlik uchrashuvlarida juda ko‘p bor ro‘baro‘ kelgan bo‘lsa, ularning ilk bahsi 1999 yilgi Osiyo kubogining guruh bosqichi bilan boshlangan. O‘shanda har ikki jamoa darvozalaridan beshtadan to‘p olib chiqib, murosa yo‘li tanlangan – 5:5.
Aytish lozim, Osiyo futzalining yetakchi jamoalaridan biri bo‘lgan Yaponiya jamoasi hamyurtlarimizning eng noqulay raqiblaridan biri hisoblanadi. Osiyo kubogi final raundlarida mazkur jamoalar bugungacha sakkiz marta to‘qnash kelgan bo‘lsa, ulardan faqat bittasida, ya’ni 2014 yilgi qit’a birinchiligida O‘zbekiston terma jamoasi zafar quchgan. Qolgan olti uchrashuvda «samuraylar»ning qo‘li baland kelgan. Kiritilgan va o‘tkazib yuborilgan to‘plar farqi ham kunchiqar yurt vakillari foydasiga – 26:15.
O‘tgan o‘yinlarga ko‘ra, 1 ta durang, 1 ta g‘alaba va oltita mag‘lubiyat qayd etgan milliy terma jamoamiz bugun “Yunusobod”da kechadigan navbatdagi to‘qnashuvda g‘alabalar sonini oshira olarmikan?
Jamoalarning oxirgi o‘yinlari 2024 yilgi jahon chempionatiga tayyorgarlik doirasida Toshkentda o‘tkazilgan ikkita o‘rtoqlik uchrashuvida ham kunchiqar yurt vakillari kichik hisobda g‘alaba qozongan – 0:2, 3:4. 2006 yil Toshkentda o‘tgan Osiyo kubogi finalida to‘rtta to‘p farqi bilan yutqazgan edik.
Bugungi qarama-qarshilikda hamyurtlarimizga omad yor bo‘lishini tilab qolamiz.
Eslatib o‘tamiz, uchrashuvni o‘zbekistonlik xalqaro toifadagi hakam Nikita Afinogenov boshqarib borsa, unga Anatoliy Rubakov, Umid Po‘latov, Edita Mirobidova yordam beradi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA