Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Futzal: Osiyo kubogida ikkinchi tur yakunlandi
21:44 / 2026-01-30

Indoneziyaning Jakarta shahrida futzal bo‘yicha o‘tayotgan Osiyo kubogida ikkinchi tur uchrashuvlari o‘z yakuniga yetdi.

Kubok bahslarining “A” guruhida Indoneziya va Iroq terma jamoalari ikkinchi turda ham g‘alaba qozonib, ochkolarini 6 taga yetkazgan holda muddatidan avval navbatdagi bosqichga chiqdi.

Qirg‘iziston va Janubiy Koreya jamoalari esa 3-4-o‘rinda qoldi. Endi 31 yanvar kuni bo‘lib o‘tadigan uchinchi turda peshqadamlar o‘zaro to‘qnashsa, quyi o‘rindagilar bir-biri bilan kuch sinashadi.

“B” guruhida ham kutilganidek, Tailand va Vetnam bu turda zafar quchib, 6 ochkoga ega bo‘ldi va chorak finalga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Kuvayt va Livan quyi o‘rinni band etdi. Shu tariqa 1-2 o‘rin sohiblari va 3-4 o‘rinni egallagan terma jamoalar 3-turda shunchaki rasmiyatchilik uchun o‘zaro raqobatlashadi.

Biz uchun ahamiyatli bo‘lgan “S” guruhida Osiyoning to‘rt karra chempioni Yaponiya 3:0 hisobida Tojikistonni taslim etdi va 6 ochko to‘plab, guruh bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tdi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi esa Avstraliyani 4:2 hisobida yengdi.

Natijada futzalchilarimiz 4 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. Guruhda Tojikiston 1 ochko jamg‘arib, uchinchi o‘rinni band etdi. Avstraliya termasi ochkosiz musobaqani ushbu bosqichda yakunlashi aniq bo‘ldi.

“S” guruhidagi uchinchi tur o‘yinlari 1 fevral kuni bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston – Yaponiya, Tojikiston – Avstraliya termalari kuch sinashadi.

“D” guruhida esa Eron va Afg‘oniston uchinchi tur oldidan 6 ochko bilan guruh karvonboshilari sifatida 1/4 finalga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Malayziya va Saudiya Arabistoni terma jamoalari esa 3-4 pog‘onaga joylashdi.

1 fevral kuni 3-tur doirasida bu guruhda Eron va Afg‘oniston, Malayziya hamda Saudiya Arabistoni to‘qnash keladi. Ushbu o‘yinlarning natijasi guruhdagi holatga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA