Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Futzal: "Osiyo kubogi-2026" saralash bahslari boshlanmoqda
14:41 / 2025-09-17

Joriy yilning 20 sentyabridan 31 ta milliy terma jamoa ishtirokida futzal bo‘yicha "Osiyo kubogi-2026" saralash bahslariga start beriladi. 8 guruhga taqsimlangan 31 ta jamoaning 4 tasi yettita guruhda, 3 tasi bitta guruhda g‘oliblik uchun kurash olib boradi.

Kuni kecha poytaxtimizda Yaponiya futzalchilari bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi Qirg‘izistonning Bishkek shahrida bo‘ladigan "F" guruhi saralash o‘yinlarida maydonga tushadi. Hamyurtlarimiz o‘z guruhida Qirg‘iziston, Sharqiy Timor hamda Falastin terma jamoalariga qarshi o‘ynaydi.

Ertaga, 18 sentyabr kuni Qirg‘izistonga yo‘l oladigan Nodir Eliboyev bosh murabbiyligidagi futzalchilarimiz dastlabki uchrashuvni 20 sentyabr kuni Falastin terma jamoasiga qarshi o‘tkazsa, 22 sentyabrda Sharqiy Timor, 24 sentyabr kuni musobaqa mezboni Qirg‘iziston terma jamoasi bilan kuch sinashadi.

Musobaqa taqvimiga ko‘ra, guruhlarda birinchi o‘rinni egallagan jamoalar "Osiyo Kubogi-2026" musobaqasi final o‘yinlari ishtirokchisiga aylanadi. Shuningdek, guruhlarda ikkinchi o‘rinni egallagan eng yaxshi ko‘rsatkichga ega yetti jamoa ham final chiptasiga ega chiqadi.

Guruh uchrashuvlarini muvaffaqiyatli o‘tkazgan 15 ta jamoaga Osiyo kubogi final o‘yinlari mezboni Indoneziya futzalchilari qo‘shiladi.

Eslatib o‘tamiz, "Osiyo kubogi-2026" final o‘yinlari 2026 yilning 27 yanvar-7 fevral kunlari Indoneziya poytaxti Jakarta shahrida bo‘lib o‘tadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA