Futzal bo‘yicha Oliy liga o‘yinlarining 7-tur uchrashuvlari yuqori saviya, keskin va murosasiz bahslari bilan ko‘pchilikning e’tiborini tortdi.
Olti kun davom etgan turning har bir uchrashuvi jamoalar o‘rtasidagi raqobat tobora kuchayib borayotganini, chempionatda hech bir jamoa raqibga osonlikcha ochko bermayotganini yaqqol namoyon etdi.
Tur doirasida amaldagi chempion “BMB PFC” Samarqandning “Dinamo” jamoasiga qarshi bahsda ochko yo‘qotdi. Shuningdek, bir yo‘la uchta uchrashuvda 4:4 hisobi qayd etildi.

Chempionat autsayderi sifatida baholanayotgan "Qizilqum" jamoasi poytaxtning “Bunyodkor” hamda Chirchiqning “Maksam-Chirchiq” klublaridan ochko tortib olgani turning muhim voqeasi bo‘ldi, deyish mumkin. Chempionlik uchun kurash olib borayotgan SQB va OKMK jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda ham g‘olib nomi aniqlanmadi.
7-turning markaziy uchrashuvida SQB uch karra O‘zbekiston chempioni Jizzaxning “BMB PFC” klubiga qarshi maydonga tushdi. Mazkur bahsni tomosha qilish uchun “Yunusobod” sport majmuasiga minglab futzal ishqibozlari tashrif buyurdi. Tomoshabinlar 40 daqiqa davomida tomoshabop futzal bahsi guvohi bo‘lishdi.

Tezkor va qarama-qarshi hujumlar ostida kechgan uchrashuvda tomonlar uch martadan raqib darvozalarini ishg‘ol qildi. Yakunda o‘yin 3:3 hisobidagi jangovar durang bilan poyoniga yetdi.

Oliy liganing 7-tur o‘yinlari yakunlangan bo‘lsa, endi futzal ishqibozlari birinchi liga 2-tur bahslariga guvoh bo‘lishadi.
Bugun, 13 yanvardan poytaxtimizdagi Menejmentni rivojlantirish instituti sport zalida 2-tur o‘yinlari start oladi.
Bugun kun mobaynida “Orol” - "Yoshlar", “Guliston” - “Jizzax”, “Bobur” - "Termiz DU", “Xorazm” - “Politexnik” jamoalari kuch sinashadi
Sakkizta jamoa ishtirokida aylanma tizimda o‘tkaziladigan o‘yinlar 17 yanvarga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA