Jizzax futbol akademiyasi sport zalida futzal bo‘yicha O‘zbekiston chempionati oliy ligasining 6-tur uchrashuvlari yakunlandi.
Mazkur turda jami 18 ta bellashuga guvoh bo‘ldik va unda darvozalarga jami 120 ta gol kiritildi. Demak, har bir o‘yin o‘rtacha 6,66 tadan gol bilan kechdi. Bu ko‘rsatkich sermahsullik borasida 5-turga yaqin bo‘lsa-da, 4-turdagi rekord daraja — 7,25 gollik natijadan pastroq bo‘ldi.

6-turda to‘rtta jamoa mutlaq g‘alaba bilan yakunladi: “BMB PFC” (Jizzax), OKMK (Olmaliq), “Nasaf” (Qarshi) va “Lokomotiv” (Toshkent) uchtadan o‘yin o‘tkazib, uchtasida ham zafar quchdi. Shuningdek, to‘rtta jamoa — “Bunyodkor” (Toshkent), “Neftchi” (Farg‘ona), “Surxon” (Termiz) va “Qizilqum” (Navoiy) jamoalari ushbu turda birorta ham ochko jamg‘ara olmadilar.

Turning eng hujumkor jamoasi “Nasaf” bo‘ldi — qarshiliklar raqib darvozalariga 21 marta yo‘l topdi. Keyingi ko‘rsatkichlar 16 tadan gol bilan “BMB PFC” va “Lokomotiv”ga tegishli.
“Surxon” esa 21 ta gol o‘tkazib, eng muammoli himoyaga ega jamoaga aylandi. “Qizilqum” va “Bunyodkor” darvozabonlari 14 tadan gol qabul qilib oldi. Eng kam gol o‘tkazgan jamoalar esa “BMB PFC” va “Lokomotiv” bo‘lib, har biri 5 tadan to‘p o‘tkazgan. “Qizilqum” eng kam — 4 ta gol urgan jamoa sifatida qayd etildi.

Turda bir qator yirik hisoblar kuzatildi. Masalan, “BMB PFC” – “Surxon” – 9:3, “Nasaf” – “Bunyodkor” – 7:2. Eng kam golli uchrashuv esa OKMK – “Neftchi” bellashuvi bo‘lib, olmaliqliklar 1:0 hisobida zafar quchdi.
To‘purarlar poygasida ham keskin raqobat saqlanib turibdi. 6-turdan keyin “Oil Star” hujumchisi Elbek To‘lqinov 24 ta gol bilan peshqadamlikni saqlab qolmoqda. Undan uchta gol kam kiritgan “BMB PFC” hujumchisi Muzaffar Ahadjonov hisobida esa 21 ta gol mavjud.

14 tadan gol bilan bir yo‘la uch nafar futzalchi odinda bormoqda. “Nasaf” vakili Ixtiyor Ropiyevlar ularning izidan ketmoqda.
O‘zbekiston chempionatining 7-tur bellashuvlari 2026 yil yanvar oyining birinchi o‘n kunligida Toshkent shahrida start olishi kutilmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri