Bugun, 27 yanvar kuni Indoneziya poytaxti Jakarta shahrida futzal bo‘yicha Osiyo kubogi bahslari boshlanadi.
Qit’aning eng kuchli 16 ta milliy terma jamoaci 4 ta guruhga bo‘lingan holda Osiyo kubogini qo‘lga kiritish uchun bahslarga kirishadi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi “S” guruhida Osiyoning to‘rt karra chempioni Yaponiya, qo‘shni mamlakat Tojikiston hamda yashil qit’a vakili Avstraliya terma jamoalari bilan kuch sinashadi.

Shuningdek, “A” guruhidan Indoneziya, Iroq, Qirg‘iziston, Janubiy Koreya, “B” guruhidan Tailand, Vetnam, Quvayt, Livan, “D” guruhidan Eron, Afg‘oniston, Saudiya Arabistoni va Malayziya terma jamoalari joy olgan.
Futzal bo‘yicha Osiyo kubogi tarixiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, ushbu musobaqa 18-bor tashkil etilmoqda. Indoneziya ikkinchi bor chempionatga mezbonlik qilmoqda.
Futzal bo‘yicha Osiyo kubogi musobaqasi ilk bor 1999 yili o‘tkazilgan bo‘lsa, 10-qit’a chempionatigacha musobaqa har yili tashkil etilgan. 2008 yildan Osiyo futbol konfederatsiyasi qaroriga ko‘ra, turnir ikki yilda bir marta o‘tadigan bo‘ldi. Ulardan har ikkinchisi Jahon chempionati uchun saralash vazifasini ham o‘tab berishi bilan alohida ahamiyat kasb etadi.

Bugunga qadar Osiyo kubogi final bosqichi 11 ta mamlakatda jami o‘n yetti marta o‘tkazilgan. Mezbonlik bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich O‘zbekistonga tegishli. Mamlakatimiz qit’a chempionatini uch marta — 2006, 2010 va 2016 yillarda qabul qilgan.
To‘rtta terma jamoa — Eron, Yaponiya, O‘zbekiston va Tailand barcha musobaqalarda uzluksiz ishtirok etib kelmoqda. Chempionatlar sarhisobiga ko‘ra, Eron 13 ta oltin, 2 ta kumush, 2 ta bronza, Yaponiya 4 ta oltin, 6 ta kumush, 2 ta bronza, O‘zbekiston 4 ta kumush, 6 ta bronza, Tailand 3 ta kumush, 5 ta bronza medallarini qo‘lga kiritgan.
Osiyo kubogi final bosqichlarida eng ko‘p ishtirok etgan o‘yinchi sifatida O‘zbekiston terma jamoasi posboni Rustam Umarov alohida qayd etiladi. U o‘n uch marta qit’a chempionatlari final bosqichida maydonga tushgan.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi "Osiyo kubogi-2026" musobaqasi guruh bosqichidagi ilk o‘yinini ertaga, 28 yanvar kuni Tojikiston terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi.
Eslatib o‘tamiz, XVII Osiyo kubogi final bosqichi bahslari 2026 yilning 27 yanvar — 7 fevral kunlari bo‘lib o‘tadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA