Avval xabar berganimizdek, Qirg‘iz Respublikasi poytaxti Bishkek shahrida futzal bo‘yicha “CAFA U-19 futsal championship 2022» ya’ni Markaziy Osiyo futbol Assotsiatsiyasi (CAFA) chempionati davom etmoqda.
Beshta jamoa ishtirok etayotgan musobaqaning uch tur o‘yinlari ortda qoldi. Xalqaro turnirni tojikistonliklarga qarshi g‘alaba bilan boshlagan futzalchilarimiz ikkinchi turda dam olishdi, uchinchi turda esa kutilmaganda qirg‘izistonliklarga yirik hisobda mag‘lubiyatga uchrashdi.
Bu bilan terma jamoamizning bosh sovrinni qo‘lga kiritish ehtimoli pasaydi. Sababi, oldinda ikkita uchrashuv bo‘lsada, biri futzal bo‘yicha qit’aning yetakchisi Eron termasidir. Eronliklar to‘sig‘idan o‘tish oson emas, lekin afg‘onlar ham ayni paytda «sovg‘a» emasliklarini isbotlashyapti. Tojikistonliklar ustidan yirik hisobda ustun kelgan afg‘onistonliklar bizni mag‘lub etgan qirg‘izistonliklarni ham dog‘da qoldira olishdi.
Furqat Hayrullayev shogirdlari ertaga aynan Afg‘on yurti vakillariga qarshi maydonga tushadi va shu o‘yin natijasi yurtdoshlarimizning sovrinlardan qaysi biriga «ilashib» qolishini belgilab berishi bilan ahamiyatli.
Qayd etilgan natijalar:
1-tur.
O‘zbekiston – Tojikiston – 3:1
Gollar: Daler Eshonqulov (13, 34), Samandar Murodqulov (39)
Eron – Afg‘oniston – 10:3
2-tur.
Tojikiston – Eron – 1:2
Qirg‘iz Respublikasi – Afg‘oniston – 3:5
3-tur.
Afg‘oniston – Tojikiston – 5:1
Qirg‘iz Respublikasi – O‘zbekiston – 9:3
Gollar: Daler Eshonqulov (9), Qosimjon Saparov (12), Alan Ahmedov (14).
4-tur. 17 fevral
Afg‘oniston – O‘zbekiston
Eron – Qirg‘iz Respublikasi
5-tur. 19 fevral
O‘zbekiston – Eron
Tojikiston – Qirg‘iz Respublikasi.
Oybek YUNUSOV, O‘zA