Bugun, 24 oktyabr kuni Qarshi shahridagi "Geolog" sport majmuasida futzal bo‘yicha O‘zbekiston chempionati Oliy liga bahslari 4-tur o‘yinlarining uchminchi kungi bahslari bo‘lib o‘tadi.
Toshkentning "Bunyodkor" jamoasi Buxoroning "Oil Star" jamoasi bilan kuch sinashsa, muxlislar ikkinchi o‘yinda OKMK – “BMB PFC" jamoalarining qiziqarli o‘yiniga guvoh bo‘ladi. "Qizilqum"-"Surxon" uchrashuvi bilan uchinchi kungi bahslarga yakun yasaladi.
Bir kun muqaddam 4-turning birinchi kungi o‘yinlarida Buxoroning "Oil Star" jamoasi Toshkent viloyatining "Maksam-Chirchiq" jamoasini 7:1 hisobida mag‘lub etdi.

"Lokomotiv" – "BMB PFC" o‘rtasidagi o‘yinda Jizzax jamoasi katta imtihondan o‘tdi. Murosasiz kechgan uchrashuvda temiryo‘lchilar 3:6 hisobida yengilgan bo‘lsa, “BMB PFC" jamoasi chempionatdagi mag‘lubiyatsiz yurishini davom ettirishga erishdi.
4-turning ilk kunidagi so‘nggi o‘yinida SQB jamoasi futzalchilari "Dinamo" darvozasiga javobsiz oltita tup kiritib(6:0), sovrinli o‘rinlarga da’vogarligini namoyish etdi.
Kecha 4-turning ikkinchi kungi bahslarida "Surxon" "Neftchi" bilan, OKMK – "Lokomotiv" bilan durangga imzo chekdi. Har ikki uchrashuvda 2:2 hisobi qayd etildi.
Kuning so‘nggi o‘yinida muxlislar SQB-"Nasaf" qarama-qarshiligidagi chiroyli va qiziqarli bahsda qarshilik futzal muxlislari gollar guldastasiga guvoh bo‘lishni niyat qilishgandi. Biroq, mahorat bobida “Nasaf”dan ustunlikka ega SQB jamoasi g‘olib chiqishi ham mukin edi. Lekin qarshiliklarning metin himoyasi uchrashuvni 1:1 ko‘rinishida yakunlanishini ta’minladi.
Ortda qolgan ikki kunlik o‘yinlar sarhisobiga ko‘ra, turnir jadvalini 28 ochko bilan Jizzaxning "BMB PFC" jamoasi boqarib turibdi. Keyingi o‘rinlardan joy olgan OKMK hisobida 25, "Oil Star" va SQB jamoalarida 23 tadan ochko mavjud.
Bugun "Bunyodkor"-"Oil Star" va OKMK – “BMB PFC" qarama-qarshiligidagi o‘yinlar turnir jadvalida yetakchilikka aynan qaysi jamoalar munosibligiga oydinlik kiritadiki, aynan 4-turning uchinchi kungi to‘qnashuvlari ko‘p savollarga oydinlik kiritishi bilan e’tiborli sanaladi.
Oliy liga 4-tur o‘yinlari 25 oktyabrga qadar davom etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA