“Notariuslar sog‘lom turmush tarafdori” shiori ostida O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasi kubogi uchun futzal bo‘yicha turnir bu yil beshinchi bora o‘tkazildi.
Turnirning hududiy bosqichlari 4 ta guruhga bo‘lingan holda o‘tkazilib, g‘olib jamoalar – Qashqadaryo, Namangan, Andijon viloyatlari hamda Toshkent shahar notariuslari jamoalari finalda bellashdi.
Qur’a tashlash natijasida ko‘ra, final o‘yinlarini Qashqadaryo va Andijon jamoalari boshlab berdi.

Qizg‘in o‘tgan musobaqada dastlab o‘z darvozasiga 2 ta gol o‘tkazib yuborgan qashqadaryolik notariuslar kutilmaganda o‘yinni g‘alaba bilan yakunladi.
Final o‘yinlarida yana ikki jamoa – Toshkent shahar va Namangan viloyati havaskor futbolchilari kuch sinashdi. Bu yil poytaxtlik notariuslar namanganlik hamkasblariga 5:2 hisobida o‘yinni boy berdi.

Dastlab 3-o‘rin uchun bahslar Toshkent shahri hamda Andijon viloyati havaskor futbolchilari o‘rtasida o‘tdi. Darvozalar oldida qizg‘in bahslarda g‘oliblik shohsupasining 3-pog‘onasini kim egallashi aniq bo‘ldi. Andijonliklar poytaxtlik hamkasblarini 3:2 hisobida yengib, faxrli 3-o‘rin sohibiga aylandi.
Final o‘yinlarining eng qizig‘i Namangan hamda Qashqadaryo viloyati jamoalari kubok uchun kurash olib bordi. Birinchi taymning yakuniga qadar namanganlik notariuslar qashqadaryolik hamkasblari darvozasiga 5 ta golni kiritib, raqiblariga bir marotaba javob qaytarish imkonini berdi. O‘yin yakunida 8:1 hisob bilan tugadi.

Raqibi ustidan yirik hisobda g‘alaba qilgan Namangan viloyati notariuslaridan tarkib topgan havaskor futbolchilar bu yil uchinchi bor Kubok sohibiga aylandi.
- Ushbu sport bayrami notariuslar orasida muntazam o‘tkazib kelinishidan maqsad, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash, notariuslar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, do‘stona munosabatlarni kuchaytirishdan iborat, - dedi Notarial palata raisi Dilshod Ashurov.

G‘oliblarga Notarial palata Kubogi, diplom, medal va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
O‘zA