Indoneziya mezbonligida o‘tayotgan qit’a birinchiligi o‘zining qiziqarli pallasiga yetib kelmoqda. 29 va 30 yanvar kunlari 4ta guruhda 2-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi.
"A" guruhining ushbu turdagi ilk o‘yinida Iroq terma jamoasi Janubiy Koreyaga qarshi parketga chiqdi. Jangovar tarzda o‘tgan uchrashuvda, iroqliklar 3:2 hisobida g‘alaba qozondi. Ikkinchi o‘yinda esa mezbon Indoneziya Qirg‘iz Respublikasi terma jamoasi bilan bellashdi. Teng kurashlar ostida o‘tgan o‘yinda mezbonlar 5:3 hisobida g‘alaba qozonib, keyingi bosqich masalasini hal qildi. Tur yakunlariga ko‘ra, Iroq va Indoneziya 100 foizlik natija qayd etgan holda, chorak final masalasini hal qildi.
"B" guruhining 2-turidan o‘rin olgan ilk bahsda Livan hamda Vetnam terma jamoalari o‘yin o‘tkazdi. Uchrashuvda Vetnam 2:0 hisobida g‘alaba qozongan holda, 3 ochkoni qo‘lga kiritdi. Guruhning ikkinchi bahsi esa Tailand va Quvayt terma jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Musobaqaning amaldagi vitse-chempionlari o‘yinda to‘liq ustunlik qilib, yirik 6:1 hisobidagi g‘alabani qo‘lga kiritdi. Ushbu guruhda ham ikki jamoa 100 foizlik natija qayd etib turibdi. So‘nggi tur uchrashuvi guruh yetakchisini aniqlab beradi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘rin olgan "S" guruhida vaziyat biroz boshqacha. 2-tur bahslarini O‘zbekiston va Avstraliya uchrashuvi ochib berdi. Dastlab o‘z darvozasidan 2ta gol o‘tkazib yuborgan vakillarimiz tezda o‘ziga kelishga ulgurdi va birinchi bo‘limning o‘zida oradagi farqni yo‘qqa chiqardi. Yakunda esa "oq bo‘rilar" 4:2 hisobida raqibdan ustun keldi va 3 ochko egasiga aylandi. Endilikda terma jamoamiz vakillari so‘nggi turda Yaponiyani mag‘lub etishi yoki durang natija qayd etishi talab etiladi. Ikkinchi bahsda esa qo‘shnilarimiz Tojikiston terma jamoasi Yaponiyaga qarshi parketga chiqdi. Qiziqarli o‘tgan o‘yinda yaponiyaliklar 3:0 hisobida g‘alaba qozonib, chorak final yo‘llanmasini naqd qildi.
"D" guruhining ikkinchi turidan o‘rin olgan ikki uchrashuvda ham favorit terma jamoalar raqiblaridan ustun keldi. Avvaliga Osiyo kubogining amaldagi chempioni Eron terma jamoasi Saudiya Arabistoni bilan bahs olib bordi. Uchrashuvda forslar raqibini 2:0 hisobida mag‘lub o‘tib, ochkolar sonini 6itaga yetkazib oldi. Ikkinchi o‘yinda esa Afg‘oniston terma jamoasi Malayziyaga qarshi parketga chiqib, raqibini 7:0 hisobida tor-mor etib, guruh yetakchiligini qo‘lga oldi. So‘nggi turda Eron hamda Afg‘oniston guruh peshqadamligi uchun bahs olib boradi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/2oAc8v99AU4" title="Futzal bo`yicha Osiyo kubogining 2-tur o`yinlari yakunlandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Osiyo kubogining 3-tur o‘yinlari 31 yanvar va 1 fevral kunlari bo‘lib o‘tadi.
Karim Xudoyqulov, O‘zA