O‘zbekiston futzal federatsiyasi tomonidan kubok bahslari mart oyida tashkil etilishi rejalashtirgan bo‘lib, mazkur musobaqada 16 jamoa to‘rt guruhga bo‘lingan holda ishtirok etadi.
Joriy yilgi musobaqaning har bir guruhidan g‘olib va ikkinchi o‘rin sohibi pley-off bosqichiga yo‘l oladi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, chorak finalda “A“ guruhi g‘olibi “B“ guruhida ikkinchi o‘rinni olgan jamoa bilan ro‘baro‘ keladi. “B“ guruhi g‘olibi “A“ guruhining ikkinchi o‘rin sohibiga qarshi o‘yin o‘tkazadi. O‘z navbatida, “C” va “D” guruhlarida ham yuqoridagi tartibda uchrashuvlar tashkil etiladi.

Shuni qayd etib o‘tishimiz lozimki, chorak va yarim final bosqichida jamoalar 2 tadan o‘yin o‘tkazadi, final tabiiyki, bitta o‘yindan iborat bo‘ladi.

Mamlakat kubogining “A” va ”B” guruhlaridagi birinchi tur uchrashuvlari Farg‘onaning “Samo” majmuasida, “C” hamla “D” guruhlaridagi ilk o‘yinlar Toshkentning “Yunusobod” sport majmuasida bo‘lib o‘tadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA