Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
FUTZAL: Birinchi davra yakuniga yetdi – AGMK yetib bo‘lmas peshqadam
13:36 / 2018-06-09

Futzal bo‘yicha mamlakat chempionatining 22-tur o‘yinlari bilan birinchi davra yakuniga yetdi – Olmaliqning AGMK jamoasi yaqin ta’qibchisini to‘qqiz ochkoga ortda qoldirmoqda, autsayder “Qizilqum”da esa bor-yo‘g‘i bir ochko bor, xolos.

Futzal bo‘yicha mamlakat chempionatining 22-tur o‘yinlari bilan birinchi davra yakuniga yetdi – Olmaliqning AGMK jamoasi yaqin ta’qibchisini to‘qqiz ochkoga ortda qoldirmoqda, autsayder “Qizilqum”da esa bor-yo‘g‘i bir ochko bor, xolos.

Chempionatning birinchi davrasi qiziqarli uchrashuvlarga, kutilmagan natijalarga boy bo‘ldi. Futzal bo‘yicha mamlakat terma jamoasining deyarli sobiq a’zolari jam bo‘lgan Olmaliqning AGMK jamoasi birinchi davrada “Paxtakor” va “Neftchi”ga bir marotabadan mag‘lub bo‘lgan holda turnir jadvalida boshqalar uchun yetib bo‘lmas vaziyatda peshqadamlik qilmoqda. Chempionatning ikki karra va amaldagi chempioni AGMKni ketma-ket ta’qib qilayotgan “Paxtakor” esa karvonboshidan to‘qqiz ochkoga ortda qolyapti. Katta ehtimol bilan chempionat yakunida jamoalar sovrinlarni shu tartibda qo‘lga kiritsa kerak. 

Uchinchi o‘ringa da’vogarlar esa ko‘pchilikni tashkil etyapti. “Neftchi”, “Buxoro”, “Metallurg”dan aynan qaysi jamoa uchlikka ilashib qolishini hozirdan aytish qiyin. “Neftchi”da ham termaning Yusufjonov, Mamajonov, Tojiboyev kabi o‘z davrining yetakchi va mohir sobiq a’zolari bor, “Buxoro” va “Metallurg” garchi mahalliy yigitlar evaziga to‘p surishayotgan bo‘lsa-da, ularda g‘alabaga shijoat kuchli bo‘layotganligiga guvoh bo‘lish mumkin. Aytaylik, so‘nggi turdagi har ikkala o‘yinda ham “Buxoro” peshqadamlarni rosa “boshini og‘ritdi”, faqat tajriba hamda omadgina olmaliqliklarning g‘alabasini ta’minladi, vaholanki, Kogon futzal maktabi tarbiyalanuvchilari Fuzuliy Hayrullayev ustozligida chiroyli va mazmunli o‘yin ko‘rsata olishdi.

Futzal (2).JPG

Futzal (4).JPG

O‘rtamiyonalar qatoridagi “Bunyodkor”, “Nasaf”, “Lokomotiv”, “So‘g‘diyona”, “Qo‘qon-1912” va “Navbahor” jamoalari ichida ikkinchi davrada qaysilari yuqoriga intilishini bashorat qilish mushkul. Autsayder esa hozircha bitta – “Qizilqum”. Navoiyliklar 22ta uchrashuvdan atigi bittasida durang qayd eta olishdi, xolos, boshqalarini boy berishdi. 

Birinchi davrada bitta texnik natija qayd etildi. Musobaqa qonun-qoidasiga binoan bitta tur ikki kunda ikkita o‘yin sifatida o‘tkaziladi. 11-turning birinchi uchrashuviga, “Paxtakor”ga qarshi o‘yinga “Lokomotiv” jamoasi tashrif buyurmadi. Natijada “Paxtakor”ga texnik uch ochko berildi, “temiryo‘lchilar”ga esa texnik mag‘lubiyat yozildi. 
Birinchi davra yakuniga ko‘ra, 22 ta uchrashuvdan 60 ochko to‘plagan AGMK jamoasi birinchi o‘rinda bormoqda. “Paxtakor” 51 ochko bilan ikkinchi, “Neftchi” 43 ochko bilan uchinchi o‘rinni egallab turibdi. “Metallurg”da 37, “Buxoro”da 35, “Bunyodkor”da 29, “Nasaf”da 26, “Lokomotiv”da 25, “So‘g‘diyona”da 24, “Navbahor”da 23 va “Qo‘qon-1912”da 21 ochko mavjud. “Qizilqum” esa atigi bir ochkoga ega.

To‘purarlar bahsida “Metallurg” a’zosi Ixtiyor Ropiyev 25ta to‘pi bilan karvonboshilik qilyapti. Vaholanki, Ixtiyor ikki marta ikkinchi ogohlantirishli qizil kartochka bilan ikkita o‘yinni o‘tkazib yuborgan. Bu borada ikkinchi va uchinchi o‘rinlarda 23ta to‘pi bilan “Paxtakor” a’zosi Feruz Faxriddinov hamda 22 ta to‘pi bilan AGMK vakili Jamoliddin Sharipov bormoqda.

Chempionatning ikkinchi davrasi 17 avgustdan davom ettiriladi.