Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Futzal: AGMK Osiyoda toʻrtinchi, yaponlar esa yana qitʼada tengsiz
20:40 / 2019-08-17

Bugun Tailandning Bangkok shahrida oʻtkazilgan futzal boʻyicha klublar oʻrtasidagi Osiyo chempionati oʻz yakuniga yetdi.


Bugun Tailandning Bangkok shahrida oʻtkazilgan futzal boʻyicha klublar oʻrtasidagi Osiyo chempionati oʻz yakuniga yetdi. Unda mamlakatimiz sharafini himoya qilgan Oʻzbekiston chempioni AGMK jamoasi yakunda 4-oʻrin bilan kifoyalandi.

Aleksandr Petrov shogirdlari yarim finalda Eron chempioni “Mis Sungun” klubiga imkoniyatni boy bergach, 3-oʻrin uchun kechgan bahsda Vyetnamning “Tay Son Nam” jamoasiga qarshi parketga tushdi.

Maʼlumki, ushbu jamoalar guruh bosqichida ham toʻqnash kelishgan va oʻshanda AGMK futzalchilari hisobni birinchi boʻlib ochishgan boʻlsa-da, alal-oqibat yirik – 4:1 hisobida magʻlubiyatga uchragandi. Afsuski, olmaliqliklar revansh olisholmadi. Bu safar ham Vyetnam chempioni Aleksandr Petrov shogirdlariga futzaldan “saboq berishdi”.

Qizigʻi, bugun ham Oʻzbekiston chempioni hisobni ochgan va birinchi boʻlimdan keyin 3:1 hisobida oldinda borayotgan edi. Biroq, yakunda olmaliqliklar 4:6 hisobida yutqazib qoʻyishdi va 4-oʻrin bilan cheklandi. Eʼtiborlisi, bu AGMKning ushbu musobaqadagi eng yaxshi natijasiga aylandi.

Finalda Yaponiyaning “Nagoya Oushens” va Eronning “Mis Sungun” klublari oʻzaro toʻqnash kelishdi. Unda kunchiqar yurt vakillari 2:0 hisobida gʻalaba qozondi va musobaqa gʻolibiga aylandi. Taʼkidlash kerak, bu “Nagoya Oushens” jamoasining oʻz tarixida toʻrtinchi bor Osiyo chempioni boʻlishi.

Futzal. Klublar oʻrtasida Osiyo chempionati

3-oʻrin uchun

“Tay Son Nam” (Vyetnam) – AGMK (Oʻzbekiston) – 6:4

Final

“Nagoya Oushens” (Yaponiya) – “Mis Sungun” (Eron) – 2:0