Futzal bo‘yicha mamlakat milliy chempionatining 1-tur bahslari natijasiga ko‘ra “Nasaf” va SQB jamoalari peshqadamga aylandi.
O‘zbekiston kubogining so‘nggi musobaqasida birorta ham ochko ololmay, guruhda qolib ketgan va endigina Oliy ligaga chiqqan SQB futzalchilarining karvonboshilardan biriga aylanishi Oliy liga bahslarining shiddatli o‘yinlari hali oldinda ekanidan dalolat, deyish mumkin.

2025/2026-yilgi futzal mavsumining 1-turida o‘tkazilgan 18 ta uchrashuvda darvozalarga 125 ta gol kiritildi. Raqiblar darvozasini eng ko‘p nishonga olgan jamoa - “Nasaf”. Turda eng ko‘p gol o‘tkazib yuborgan jamoa esa “Maksam-Chirchiq”. 12 ta jamoadan 9 tasi ochko jamg‘ardi. To‘rtta jamoa turni mag‘lubiyatsiz yakunladi. Hozircha uchta klubda birorta ham ochko yo‘q. Amaldagi chempion – BMB “Dinamo” bilan 3-4-o‘rinlarni band etgan.

Kecha 1-turning oltinchi kungi o‘yinlarida “Dinamo” "Surxon"ni— 4:2, SQB jamoasi “Qizilqum”ni 5:1, “Nasaf” “Neftchi”ni 6:2 ko‘rinishida mag‘lub etdi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA