Axborot texnologiyalari sohasi bo‘yicha professional kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, mehnat bozorida malakali IT-mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni qondirish, shuningdek, “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirish va aholining kundalik hayotiga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish maqsadida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda IT Parkning qo‘shma loyihasi – “Future Skills Uzbekistan”ning boshlanishiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda bo‘lajak IT -mutaxassislari uchun tanlangan ta’lim yo‘nalishlari – veb-dasturlash, mobil ilovalarni ishlab chiqish, IT-xavfsizlik va tarmoq texnologiyalari, ma’lumotlar bilan ishlash, mobil o‘yinlarni ishlab chiqish, mobil robototexnika, grafik dizayn, 3D modellashtirish, ingliz tili va IT-menejment yo‘nalishlari taqdimoti o‘tkazildi.
Bundan tashqari, mamlakat bo‘ylab o‘qish tashkil etiladigan barcha joylar, ro‘yxatdan o‘tish usuli, tanlov mezonlari va to‘lov mexanizmlari, shu jumladan, ishsiz va ish qidirayotgan fuqarolarga hamda kam ta’minlangan oilalarda yashavchi shaxslarga o‘qish uchun beriladigan imtiyozli kvotalar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.

Loyiha taqdimotida alohida e’tibor 9 oylik o‘qish va amaliyotni yakunlagandan so‘ng bandlik va o‘z o‘zini ish bilan ta’minlash istiqbollariga qaratildi.
Taklif etilayotgan loyiha respublika bo‘ylab 10 ta yo‘nalish bo‘yicha 1000 dan ortiq IT-mutaxassislarini tayyorlash va ularni ish bilan ta’minlashga yordam beradi.
Tadbirda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda IT Park o‘rtasida memorandum imzolandi.
Tadbir doirasida loyiha yuzasidan savol-javob uchun matbuot anjumani tashkil etildi.
O‘zA