FOTOREPORTAJ
Bugun Milliy olimpiya qo‘mitasida bo‘lib o‘tgan anjumanda shu va futbolga oid masalalar yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Xabaringiz bor, joriy yilning 15-aprel – 3-may kunlari Qatar yashil maydonlarida futbol bo‘yicha “Parij-2024” yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi U-23 Osiyo kubogi bo‘lib o‘tadi. Musobaqa oldidan uyushtirilgan anjumanda Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari, O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov, O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Timur Kapadze ommaviy axborot vositalari xodimlarining savollariga javob berdi.
[gallery-16729]
Matbuot anjumanida Ravshan Irmatov musobaqaning o‘zbek futboli uchun ne chog‘lik ahamiyatga ega ekani, millionlab muxlislar kutgan Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritish yo‘lida 3-yil davomida amalga oshirilgan ishlar, “Olimpik” loyihasi, zamonaviy talablar asosida barpo etilayotgan terma jamoalar markazi xususida gapirib o‘tdi. Shuningdek, R. Irmatov legionerlar masalasiga ham alohida to‘xtaldi. Unga ko‘ra, xorijda to‘p surayotgan 2 nafar futbolchimizning klublari bilan ijobiy kelishuvga erishilgani va 3 ta jamoa bilan muzokaralar davom etayotganini ma’lum qildi.
O‘z navbatida, Timur Kapadze ham bo‘lajak turnirga katta tayyorgarlik ko‘rilgani va buning uchun barcha sharoitlar yaratib berilgani, yakuniy ro‘yxatdan eng optimal formaga kirgan yigitlar joy olishi, Olimpiada yo‘llanmasi uchun hamma o‘yinchi bor kuchi bilan harakat qilishi haqida to‘xtaldi. Qolaversa, “Parij-2024” yozgi Olimpiadasiga yo‘llanma olish emas, balki unda medal olish asosiy vazifa ekanini qo‘shimcha qildi.
Muhammad AMIN (surat), O‘zA