Saudiya Arabistonida 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogining “C” guruhi 3-tur uchrashuvlari yakunlandi.
Unda O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi guruh bosqichining so‘nggi turida Janubiy Koreya termasiga qarshi maydonga tushdi.
“Prince Faisal Bin Fahd” stadionida o‘tgan mazkur o‘yinda futbolchilarimiz 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Terma jamoamizga g‘alaba keltirgan gollarga Behruz Karimov, Saidumarxon Saidnurullayev mualliflik qildi.

Shuningdek, guruhdagi ikkinchi uchrashuvda Eron – Livan o‘zaro to‘qnash keldi va 0:1 hisobi qayd etildi.
Shu tariqa, “S” guruhida O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi 7 ochko jamg‘arib, 1-o‘rinni egalladi. Janubiy Koreya esa 4 ochko bilan ikkinchi bo‘ldi. Livan 3, Eron 2 ochko bilan guruh bosqichida qolib ketdi.
Osiyo kubogining chorak final bosqichida O‘zbekiston va Janubiy Koreya terma jamoalari “D” guruhi vakillariga qarshi maydonga tushadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA