Qatar yashil maydonlarida 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Jahon chempionatida dastlabki nimchorak finalchilar nomi ma’lum bo‘ldi.
Mundialning 1/16 final bosqichidan o‘rin olgan Irlandiya va Kanada terma jamoalari o‘rtasidagi to‘qnashuv 1:1 hisobida yakunlangani bois, g‘olib jamoa nomi penaltilar seriyasida aniqlandi. Unda irlandiyalik futbolchilar 9:8 hisobida g‘alaba qozondi.

Braziliya hamda Paragvay to‘qnashuvida hisob ochilmadi va penaltilar seriyasida 5:4 hisobi qayd etildi. Shuningdek, Marokash hamda AQSH uchrashuvining asosiy vaqti 1:1 hisobida durang bilan o‘z yakuniga yetdi. 11 metrlik seriyada Marokash 4:3 hisobida zafar quchdi.
Zambiya Mali termasiga 1:3 hisobida yengildi. Portugaliya Belgiyani 2:1 hisobida mag‘lub etdi. Shveysariya Misr ustidan 3:1 hisobida g‘alaba qozondi. Fransiya Kolumbiyaga hech qanday imkon qoldirmadi - 2:0, Argentina — Meksika uchrashuvida 2:2 hisobi qayd etildi. Penaltilar seriyasida Meksikaning omadi keldi.
Shu tariqa, Jahon chempionatining 1/8 finalida o‘zaro kuch sinashadigan dastlabki juftliklar nomi aniq bo‘ldi. Jumladan, Portugaliya — Meksika, Shveysariya — Irlandiya, Marokash — Mali, Fransiya — Braziliya bahsiga guvoh bo‘lamiz.

Bugun, 15 noyabr kuni mundial doirasida 1/16 final bosqichining qolgan uchrashuvlari tashkil etiladi. Biz uchun ahamiyatlisi, mazkur o‘yinlar orasida O‘zbekiston U17 terma jamoasining Xorvatiya termasiga qarshi bahsidir. Islombek Ismoilov boshchiligidagi terma jamoamizning mazkur o‘yini Toshkent vaqti bilan soat 20:45 da start olishi rejalashtirilgan. Agar futbolchilarimiz uchrashuvda g‘alaba qozona olsa, nimchorak finalda Italiya — Chexiya bellashuvi g‘olibiga qarshi maydonga chiqadi.
Shuningdek, bugun Senegal — Uganda, Janubiy Koreya — Angliya, Italiya — Chexiya, Yaponiya — Janubiy Afrika, Germaniya — Burkina-Faso, Venesuela — KXDR, Avstriya — Tunis o‘rtasidagi o‘yinlar o‘tkaziladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA