Futbolchi yoshlarga mukofotlar topshirildi
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev farmoniga ko‘ra, nufuzli musobaqalarda ulkan natijalarga erishib, Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib kelayotgan bir guruh yosh sportchilarimiz qatori futbol bo‘yicha Yoshlar va Olimpiya terma jamoasi a’zolari Abbosbek Fayzullayev, Abduqodir Husanov hamda Umarali Rahmonaliyev mustaqillik bayrami arafasida “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlangan edi.
Kuni kecha O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbari Abdusalom Azizov umidli yosh futbolchilarimizga ushbu mukofotlarni tantanali topshirdi.
Marosimda ishtirok etgan futbolchilar, ularning murabbiylari, yaqinlari yurtimizda sportni rivojlantirish va ommalashtirish borasida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, yoshlarimizni ona yurtga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash bo‘yicha ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik xususida fikr-mulohazalarini bildirishdi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA