2026 yilning 1-18 aprel kunlari Tailand mezbonligida qizlar o‘rtasida futbol bo‘yicha U-20 Osiyo kubogining final bosqichi bo‘lib o‘tadi. Qit’amizning nufuzli musobaqasida ishtirok etish uchun hozirda Osiyoning 8 ta davlatida saralash bahslari olib borilmoqda.
Ana shunday saralash bellashuvlarining “G” guruhi o‘yinlariga Toshkent shahri mezbonlik qilmoqda. Musobaqaning ilk uchrashuvi bugun, 6 avgust kuni Toshkentdagi “Do‘stlik” stadionida tashkil etiladi. Unda soat 17:30 da Iordaniya va Shimoliy Mariana orollari terma jamoalari o‘zaro kuch sinashadi.

Kunning ikkinchi bellashuvida esa Vadimir Panov boshqaruvidagi O‘zbekiston U-20 qizlar terma jamoasi maydonga tushadi. Qizlarimiz soat 20:30 da Bahrayn terma jamoasiga qarshi birinchi turdagi bahsni o‘tkazadi.
Ikkinchi turda futbolchi qizlarimiz 8 avgust kuni Shimoliy Mariana orollari termasiga qarshi maydonga tushadi. Saralash bosqichidagi so‘nggi uchrashuv esa 10 avgust kuni Iordaniyaga qarshi bo‘ladi.
O‘zbekiston terma jamoasining barcha o‘yinlari “Do‘stlik” stadionida soat 20:30 da boshlanadi. Guruhdagi qolgan uchrashuvlar ham shu stadionda bo‘lib o‘tadi va ularning start vaqti 17:30 etib belgilangan.
Terma jamoamiz uchun bu musobaqa Tailanddagi final bosqichiga yo‘l olish yo‘lidagi muhim sinov vazifasini o‘taydi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA