Toshkent va Farg‘ona stadionlarida 20 yoshgacha futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogining 2-tur bahslari yakunlandi.
Ushbu turning markaziy uchrashuvlaridan biri “A” guruhida “Bunyodkor” stadionida O‘zbekiston-Iroq futbolchilari o‘rtasida kechdi. Har ikki jamoaning 3 ochkoga ega ekanligi o‘yinni har jihatdan shiddatli o‘tishini ta’minladi.
Terma jamoamiz a’zosi Po‘latxo‘ja Holdorxonov tomonidan 17-daqiqada Iroq darvozasiga kiritilgan goldan keyin bir oz muddat maydon nazorati o‘zbekistonlik futbolchilar tomoniga o‘tkandek bo‘ldi.
Ammo, 1-bo‘limning 30-daqiqasidan iroqliklar “maydonda borligini” ko‘rsata boshladi. 33 daqiqada yosh futbolchilarimizdan Fayzullayev ogohlantirildi, 35-daqiqada O‘rozov sariq kartochka oldi. 44-daqiqada zaxiradan maydonga tushgan Shahzodbek Raxmatullayev esa qo‘pol xatosi tufayli qizil kartochka bilan “siylandi” va maydonni tark etdi.
[gallery-10828]
2-bo‘limda 10 nafar futbolchi bilan harakatlangan terma jamoamiz a’zolari 1-bo‘limdagi shiddatni pasaytirmaslikka harakat qildi. Biroq, 1 nafar futbolchi ko‘p bo‘lgan iroqliklar o‘yin tizginini ko‘p hollarda o‘z qo‘llariga olishdi. Shunday bo‘lsa-da, 1:0 hisobi so‘nggi daqiqalargacha saqlanib qoldi. Ushbu natija O‘zbekiston terma jamoasini 6 ochko bilan guruhda yakka peshqadam bo‘lishini ta’minladi.
“A” guruhidagi ikkinchi o‘yinda Indoneziya – Suriya terma jamoalari poytaxtimizdagi "Lokomotiv" stadionida ro‘baro‘ kelishdi. Mazkur uchrashuvda Indoneziya terma jamoasi 1:0 hisobida suriyaliklarni mag‘lub etdi.
Endi ushbu guruhdagi 3-tur o‘yinlari O‘zbekiston-Indoneziya, Iroq-Suriya to‘qnashuvida bo‘lib o‘tadi. Mazkur uchrashuvlar 7 mart kuni Farg‘onadagi Istiqlol” o‘yingohida tashkil etiladi.
Shuningdek, bugun Farg‘onadagi “Istiqlol” o‘yingohida bo‘lib o‘tgan “B” guruhidagi Eron – Avstraliya uchrashuvida 2:3 ko‘rinishida yashil qit’a vakillari g‘olib chiqqan bo‘lsa, Vetnam – Qatar bahsida vetnamliklar 2:1 hisobida ustunlikka erishdi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA.