Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Futbol: Yaponiya bilan hamkorlik memorandumi imzolandi
13:35 / 2022-11-22

O‘zbekiston va Yaponiya futbol assotsiatsiyalari o‘rtasida hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv tashkil etildi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati.

Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida futbolni rivojlantirish borasidagi harakatlar yangi bosqichga chiqqanligi qayd etilib, sport tibbiyoti yo‘nalishida keng ko‘lamli ilmiy aloqalar o‘rnatilgani, yaponiyalik mutaxassislar ayollar terma jamoamizda faoliyat yuritayotgani, turli yoshdagi terma jamoalar Yaponiyada o‘tgan xalqaro musobaqalarda qatnashib kelayotgani, o‘z navbatida, Yaponiya yoshlar terma jamoasi ham yurtimizda o‘tkazilgan turnirda ishtirok etgani ta’kidlandi. 

Bu boradagi sa’y-harakatlarni davom ettirish muhim ahamiyatga ega ekanini e’tirof etgan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Ravshan Ermatov va Yaponiya futbol assotsiatsiyasi rahbari Kodzo Tashima ikki tomonlama do‘stlik va hamkorlik aloqalarini, istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.  

Muloqot yakunida terma jamoalar o‘rtasida xalqaro musobaqalar tashkil etish, sport tibbiyoti va futbol mutaxassislarini qayta tayyorlash, assotsiatsiyalar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilinib, tomonlar o‘rtasida memorandum imzolandi.  

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA