Tajribali murabbiy Kotrina Kulbite boshchiligidagi O‘zbekiston ayollar milliy terma jamoasi o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari doirasida Vetnam poytaxti Xanoy shahrida mezbon mamlakat ayollar terma jamoasiga qarshi nazorat uchrashuvida maydonga tushadi.

Mazkur o‘rtoqlik uchrashuvi Avstraliyada bo‘lib o‘tadigan Osiyo kubogiga tayyorgarlik jarayonining muhim bosqichlaridan biri hisoblanadi.
***
“Qo‘qon-1912” klubi 28 yanvar kunidan 13 fevralga qadar Turkiyada o‘tadigan o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini doirasida bir qator xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvlarida ishtirok etadi.
Quyida “Qo‘qon-1912” jamoasining o‘yinlar jadvali bilan tanishasiz:
• 28.01.2026: «Qo‘qon-1912» — «Vushtrria» (Kosovo);
• 01.02.2026: «Qo‘qon-1912» — «Shinnik» (Rossiya);
• 09.02.2026: «Qo‘qon-1912» — «Kaspiy» (Qozog‘iston);
• 13.02.2026: «Qo‘qon-1912» — «Milsami» (Moldova);
***
Indoneziya poytaxti Jakarta shahrida futzal bo‘yicha navbatdagi Osiyo kubogi start oldi. Musobaqada O‘zbekiston futzal terma jamoasi “C” guruhida bahs olib boradi.

Ushbu guruhdagi ilk o‘yinimiz ertaga, 28 yanvar kuni Tojikiston termasiga qarshi o‘tadi. 2-turda vakillarimiz 30 yanvar kuni Avstraliya terma jamoasi bilan, 1 fevral sanasida esa Yaponiya bilan kuch sinashadi.
***
O‘tgan mavsumni OKMK va «So‘g‘diyona» jamoalari safida o‘tkazgan himoyachi Sardor Rahmonov faoliyatini Toshkentning «Bunyodkor» klubida davom ettirish arafasida. Ayni damda tomonlar o‘rtasidagi muzokaralarning yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tmoqda va yaqin kunlarda shartnoma rasman imzolanishi rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, S.Rahmonov 2025 yil Superligada 19 ta o‘yinda maydonga tushib, 1 ta gol muallifi bo‘lgan.
***
Parijning “PSJ” klubi “Barselona” yarim himoyachisi Dro Fernandes transferini rasman e’lon qildi. 18 yoshli xavbek Parij klubi bilan 2030 yilgacha mo‘ljallangan shartnoma imzoladi va yangi jamoasida 27-raqam ostida to‘p suradi.
Mazkur transferga “PSJ” klubi taxminan 8 million yevro sarflagan. Fernandesning “Barselona” bilan shartnomasida belgilangan kompensatsiya puli esa 6 million yevroni tashkil etgan.
***
O‘zbekiston milliy terma jamoasi Dubay shahrida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini davom ettirmoqda. Yig‘in doirasida milliy jamoamiz Xitoy terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushib, 2:2 hisobida durang natija qayd etdi.

Endi milliy jamoamiz 30 yanvar kuni Armanistonning «Urartu» klubiga qarshi navbatdagi mashg‘ulot o‘yinini o‘tkazadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA