Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Futbol xabarlari
10:16 / 2026-01-23

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Dubay shahridagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini doirasida 26 yanvar kuni Xitoy milliy terma jamoasiga, 30 yanvarda esa “Urartu” klubiga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuvlar mashg‘ulot o‘yini formatida va yopiq eshiklar ortida o‘tkaziladi. Yig‘inda asosiy e’tibor nomzod futbolchilarni ko‘rikdan o‘tkazish va jismoniy holatni nazorat qilishga qaratilgan.

***

Toshkentning “Paxtakor” klubi Turkiyada yangi mavsumga tayyorgarlik jarayonida nazorat uchrashuvlarini o‘tkazmoqda. Jamoa ilk o‘yinini “Struga” klubiga qarshi o‘tkazib, 1:1 hisobida durang o‘ynadi. Endi “sherlar” 24 yanvar kuni Kosovoning “Prishtina”, 30 yanvarda esa Bolgariyaning “Botev” klubiga qarshi maydonga tushadi.

***

“Navbahor” Turkiyada o‘tayotgan yig‘inda ikkinchi nazorat uchrashuvini Kosovo Superligasi vakili “Malisheva”ga qarshi o‘tkazdi va 2:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Shuningdek, tajribali darvozabon Valijon Rahimov namanganliklar bilan shartnoma imzoladi.

***

Samarqand viloyati hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Adiz Boboyev “Dinamo” jamoasi infratuzilmasi hamda moliyaviy ko‘rsatkichlarini yaxshilash bo‘yicha masalalar bilan tanishib, yangi reja va loyihalarni muhokama qildi.

***

Qarshi shahrining “Nasaf” jamoasi Antaliya shahrida o‘tayotgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida futbolchilarning imkoniyatlarini nazorat qilish maqsadida Serbiyaning “Yavor Ivanitsa” klubiga qarshi o‘ynadi va 0:1 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

***

“Neftchi” bundan bir necha kun avval Antaliyadagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inining birinchi bosqichini yakunlagan edi. Islombek Ismoilov boshchiligidagi ushbu jamoa navbatdagi yig‘inini 24 yanvar kunidan boshlaydi. Yig‘in davomida jismoniy tayyorgarlik, taktik harakatlar va intizomga alohida e’tibor qaratiladi.

***

“Andijon” klubi yangi mavsum uchun tayyorgarlikni Turkiyaning Antaliya shahrida davom ettirmoqda. 21 yanvar kuni o‘z yakuniga yetgan birinchi bosqichdan so‘ng, ushbu klub ertaga xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inining ikkinchi bosqichini boshlaydi va 5 fevral kuniga qadar davom ettiradi.

***

Kataloniyaning “Barselona” klubida prezident saylovi 15 mart kuni o‘tkazilishi ma’lum qilindi. Yangi rahbar 1 iyul kunidan ish boshlashi rejalashtirilgan. Ayni paytda klubni Joan Laporta boshqarib kelmoqda.

***

“Real” vingeri Vinisius Junior YeCHL doirasida hafta futbolchisi sifatida e’tirof etildi. U “Monako”ga qarshi o‘yinda gol urdi va 2 ta golli uzatma amalga oshirdi. Darvoqe, Saudiya Arabistoni klublari Vinisiusga qiziqish bildirayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Jidda shahrining "Al-Ahli" klubi hujumchiga 1 milliard yevro miqdoridagi shartnoma taklif etishga tayyor ekani qayd etilgan.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA