Abduqodir Husanov Angliya Liga kubogining 1/2 final bosqichi birinchi uchrashuvlari ramziy jamoasidan joy oldi. A.Husanovdan tashqari "Manchester Siti"dan Maks Alleyn, Rayan Cherki va Antuan Semenyo ham ushbu ro‘yxatdan o‘rin olgan.
Eslatib o‘tamiz, Angliya Liga kubogining yarim final ilk bahsida "Manchester Siti" "Nyukasl"ni 2:0 hisobida mag‘lub etgan edi.
***
Ispaniya kubogida 1/8 final bosqichi yakunlariga ko‘ra, "Barselona", "Albasete", "Valensiya", "Atletiko Madrid", "Real Sosedad", "Atletik Bilbao", "Alaves" va "Betis" jamoalari chorak finalga chiqdi. 19 yanvar kuni musobaqaning 1/4 final bosqichiga qur’a tashlanadi.
***
Turkiya kubogining ikkinchi turi doirasida "Erzurumspor" o‘z uyida "Rizespor"ni qabul qildi va 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Mazkur bahsda O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Husniddin Aliqulov mehmonlar safida asosiy tarkibda maydonga tushib, to‘liq 90 daqiqa harakat qildi.
***
Antaliyada yig‘in o‘tkazayotgan “Andijon” rejaga ko‘ra, bugun 16 yanvar kuni o‘zining ikkinchi nazorat uchrashuvida Vengriyaning “Vashash” klubiga qarshi maydonga tushadi. Bellashuv Toshkent vaqti bilan 18:00 da boshlanadi.
***
12 fevral kuni 2026 yilning 14–31 may kunlari Saudiya Arabistoni mezbonlik qiladigan U-17 Osiyo kubogi final bosqichiga qur’a tashlanadi.
Qur’ada jamoalar 4 ta savatchaga ajratilgan bo‘lib, O‘zbekiston U-17 terma jamoasi musobaqa g‘olibi sifatida 1-savatchadan o‘rin olgan. Musobaqaning eng yaxshi 8 ta jamoasi 2026 yilgi o‘smirlar o‘rtasidagi mundialda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.
***
"Qizilqum" jamoasi yangi mavsum uchun so‘nggi tayyorgarlikni Turkiyaning Antaliya shahrida davom ettiradi. Akmal Rustamov qo‘l ostidagi "Qizilqum" mazkur o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarida bir nechta nazorat bahslarida maydonga tushadi.
Nazorat uchrashuvlari ro‘yxati:
24.01.2025 | "Qizilqum" – "CKA Xabarovsk" (Rossiya)
27.01.2025 | "Qizilqum" – "Fakel" (Rossiya)
30.01.2025 | "Qizilqum" – "Tikvesh" (Makedoniya)
10.02.2025 | "Qizilqum" – "Prosteyov" (Chexiya)
***
"Andijon" rasman Martin Boake bilan shartnoma imzolaganini e’lon qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, hujumchi andijonliklar safida yiliga tahminan 400 ming AQSH dollar maosh oladi. Boake "Andijon"ga kelishdan avval Turkiya chempionatida "Boluspor" safida faoliyat olib bordi va 19 uchrashuvda 3 ta gol va 2 ta assistni amalga oshirdi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA