Marokashda o‘tayotgan futbol bo‘yicha Afrika Millatlar kubogi musobaqasida nimchorak final bosqichi yakunlandi. 9-10 yanvar kunlari 1/4 final o‘yinlarida ishtirok etadigan terma jamoalar nomi aniqlandi.
Jumladan, chorak finalda Mali – Senegal, Kamerun – Marokash, Jazoir – Nigeriya va Misr – Kot-d'Ivuar termalari o‘zaro raqobatlashadigan bo‘ldi.
***
Qozonning “Rubin” klubi O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Umarali Rahmonaliyev bilan xayrlashgani haqida xabar bergan edik.
“Transfermarkt” nashri xabar berishicha, futbolchi Ozarbayjonning “Sabah” jamoasiga 400 ming AQSH dollari evaziga transfer qilingan va 3 yillik shartnoma imzolagan.
***
Angliyaning “Manchester Siti” klubi “Bornmut” jamoasi hujumchisi Antuan Semeno bilan shartnoma imzoladi. Bu haqda insayder Fabritsio Romano ma’lum qildi. Manbalarga ko‘ra, transfer qiymati 75 million yevroni tashkil etdi. 25 yoshli ganalik vinger 8 yanvar kuni tibbiy ko‘rikdan o‘tganidan so‘ng, klub bilan uzoq muddatli shartnoma imzolaydi.
***
Birlashgan Arab Amirliklari chempionatining 12-tur uchrashuvida “Al-Vahda” o‘z maydonida “Bani Yas”ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi. Mehmonlar safida o‘zbekistonlik futbolchilar Otabek Shukurov va Akmal Mozgovoy asosiy tarkibda maydonga tushdi. Shukurov 70-daqiqada almashtirildi, Mozgovoy esa bellashuvni to‘liq o‘tkazdi. Ayni paytda “Bani Yas” 7 ochko bilan 12-pog‘onada bormoqda.
***
Poytaxtning “Bunyodkor” klubi yangi mavsum arafasida tarkibni kuchaytirishni davom ettirmoqda. Jamoa matbuot xizmati tajribali vinger Bilolxon Toshmirzayev bilan kelishuvga erishganini ma’lum qildi.
***
Turinning “Yuventus” klubi Italiya chempionatidagi muvaffaqiyatli seriyasini davom ettirmoqda. Chempionatning 19-turi doirasida jamoa safarda “Sassuolo”ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi. Shu tariqa “Yuventus” oxirgi 6 uchrashuvda mag‘lubiyatsiz harakat qilib, 5 ta g‘alaba va bir durang qayd etdi.
***
UFCning sobiq jahon chempioni Habib Nurmagomedov “Manchester Siti” klubiga tashrifi chog‘ida o‘zbekistonlik futbolchi Abduqodir Husanov bilan uchrashdi. Mashhur sportchi Husanovning salohiyati haqida ijobiy fikr bildirib o‘tdi.
***
Jamoliddin Rahmatullayev boshqaruvidagi O‘zbekiston U-19 terma jamoasi qishki tayyorgarlikni davom ettirmoqda. Yig‘inning ikkinchi qismi Turkiyada tashkil etilgan bo‘lib, jamoa 11 va 14 yanvar kunlari Turkiya yoshlar termasiga qarshi o‘rtoqlik bellashuvlarida ishtirok etadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA