Turkiyaning "Rizespor" klubida 2023 yildan buyon to‘p surayotgan himoyachimiz Husniddin Aliqulov faoliyatini "Trabzonspor" jamoasida davom ettirishi mumkin. Bunga asosiy sabablardan biri Husniddinning amaldagi shartnomasi 2026 yil yoz oyida o‘z yakuniga yetishi bilan bog‘liq.
***
"Paxtakor" futbol klubi tajribali darvozabon Sanjar Quvvatov bilan bir yillik shartnomaga imzo chekdi. Shuningdek, poytaxtimizning bosh jamoasi mahoratli chap qanot himoyachisi Sherzod Nasrullayev va yarim himoyai Oybek Bozorovni o‘z tarkibiga qo‘shib oldi. Ular bilan ikki yillik shartnoma imzolandi.
***
Marokashda o‘tayotgan Afrika millatlar kubogida 1/8 final doirasidagi o‘yinlar o‘tkazilmoqda. Unda Senegal – Sudan 3:1, Mali – Tunis 1:1, penaltilar bo‘yicha 3:2, Marokash – Tanzaniya 1:0, JAR – Kamerun 1:2 natijalari qayd etildi. Ushbu bosqichda shuningdek, Misr – Benin, Nigeriya – Mozambik, Jazoir – Kongo DR, Kot-d’Ivuar – Burkina-Faso terma jamoalari o‘zaro raqobatlashadi.
***
Braziliyalik futbolchi Vinisius Junior 10 oktyabr kuni terma jamoasi safida Janubiy Koreya darvozasiga urgan golidan so‘ng "Real Madrid" klubi va Braziliya terma jamoasi tarkibida 18 ta o‘yinda maydonga tushgan bo‘lsa-da, hamon birorta gol ura olmadi.
***
Ispaniya La Ligasining 19-turida "Atletiko Madrid" safarda "Real Sosedad" bilan kuch sinashib, 1:1 hisobidagi durangga imzo chekdi. O‘yinning 50-daqiqasida Aleksander Syorlot hisobni ochgan edi, lekin oradan 5 daqiqa o‘tib, Gonsalu Gedesh oradagi farqni yo‘qqa chiqardi. Eslatib o‘tamiz, "matraschilar" ushbu to‘qnashuvdagi durang orqali ochkolar sonini 38 taga yetkazib olib, 4-o‘rinni mustahkamladi.
***
Fransiya chempionatining 17-turida Luis Enrike boshqaruvidagi “PSJ” klubi o‘z maydonida "Parij"ni qabul qilib, 2:1 hisobida zafar quchdi. Ma’lumot o‘rnida, 17-turdan so‘ng "Lans" 40 ochko bilan turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda. PSJ hisobida esa 39 ochko mavjud.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA