Angliya Premer ligasining 18-turidan o‘rin olgan "Nottingem Forest" va "Manchester Siti" uchrashuvi 1:2 hisobida yakunlandi.
Ushbu bellashuvda Abduqodir Husanov zaxirada qoldirildi. Shu tariqa, Xosep Gvardiola shogirdlarining ochkolari soni 40 taga yetdi va jamoa turnir jadvalida peshqadam bo‘lib turibdi.
***
O‘zbekiston U21 terma jamoasi xalqaro o‘rtoqlik o‘yini doirasida Iordaniya U23 jamoasiga qarshi maydonga tushdi va 0:0 hisobidagi durang bilan yakunlandi.

Har ikkala jamoa ham Osiyo kubogiga tayyorgarlik ko‘rayotgani sababli o‘yin yopiq eshiklar ortida bo‘lib o‘tdi.
***
Saudiya Arabistoni chempionatining 11-turida "Al Nassr" o‘z maydonida "Al Uhdud"ni qiyinchiliksiz 3:0 hisobida dog‘da qoldirdi. Uchrashuvda portugaliyalik futbolchilar gol urdi:

Krishtianu Ronaldudan dubl va Joau Feliksdan bir gol. Shu orqali ushbu futbolchilar bir xilda 12 tadan gol urib, chempionat to‘purarlari ro‘yxatida peshqadamlik qilmoqda.
***
Angliya Premer ligasining 18-turida "Vulverxempton" 1:2 hisobida "Liverpul" jamoasiga imkoniyatni boy berdi. Natijada "bo‘rilar" musobaqada 18 turda bor yo‘g‘i ikki ochko to‘pladi va antirekord o‘rnatdi. Bundan tashqari, "Vulverxempton" 123 yil ichida chempionatning 18 ta boshlang‘ich o‘yinida g‘alaba qozona olmagan birinchi elita ingliz divizioni jamoasi bo‘ldi.
***
Afrika Millatlar ligasining "C" va "D" guruhlarida 2-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. "C" guruhida Uganda 1:1 hisobida Tanzaniya bilan durang o‘ynagan bo‘lsa, Nigeriya terma jamoasi gollarga boy o‘tgan o‘yinda Tunisni 3:2 hisobida taslim etdi va pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

"D" guruhida esa Benin – Botsvana 1:0, Senegal – Kongo 1:1 natijalari qayd etildi.
***
Superliga chempioni Farg‘onaning "Neftchi" klubi "Surxon" futbolchisi hisoblangan Asilbek Jumayev transferini e’lon qildi.

Bo‘lajak mavsumga puxta tayyorgarlik ko‘rayotgan Islombek Ismoilov boshchiligidagi jamoa A.Jumayev transferidan tashqari, yana 8 ta transferni ham e’lon qilishga ulgurdi. Bular: Ibrohim Shokirov, Mo‘minxon Bahodirxonov, Daler Tuxsanov, Rustambek Fomin, Farhod Sohibjonov, Izzatillo Po‘latov, Hurshidbek G‘iyosov va Ratino.
***
"Arkadag‘" Turkmanistonda trebl qayd etdi. Mamlakat Superkubogi, oltin medallaridan keyin jamoa Turkmaniston Kubogini ham qo‘lga kiritdi. "Arkadag‘" finalda "Axal"ni 2:1 hisobida mag‘lub etdi. Qayd etish kerak, "Arkadag‘" ketma-ket uchinchi marta Kubokni qo‘lga kiritmoqda. Jamoa so‘nggi ikki yilda ham aynan "Axal" (3:0 va 1:0) bilan finalda bahs olib borgan va g‘alabalarga erishgan.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA