Yangi mavsum oldidan “So‘g‘diyona” jamoasi tarkibini kuchaytirishda davom etmoqda. Jizzaxliklar serbiyalik 34 yoshli darvozabon Nikola Mirkovich bilan 2026 yil yakuniga qadar mo‘ljallangan shartnoma imzoladi. Mirkovich faoliyati davomida Serbiya, Daniya va Gretsiya klublarida to‘p surgan, so‘nggi jamoasi “Chukarichki” bo‘lgan.

***
Ispaniyaning amaldagi chempioni “Barselona” himoya chizig‘ini mustahkamlash maqsadida portugaliyalik Joau Konseluni jamoaga qaytarish variantini ko‘rib chiqmoqda. Ayni paytda “Al-Hilol”da o‘ynayotgan 31 yoshli himoyachining Saudiya Arabistonini tark etish istagi transfer amalga oshishiga xizmat qilishi mumkin.
***
Afrika Millatlar kubogining 1-turidan o‘rin olgan so‘nggi uchrashuvda Kamerun terma jamoasi Gabonni 1:0 hisobida mag‘lub etdi. Yagona gol uchrashuvning 6-daqiqasida Karl Etta Eyong tomonidan urildi. Guruhning ikkinchi o‘yinida Kot-d’Ivuar Mozambik ustidan 1:0 hisobida g‘alaba qozongan.
***
“Qo‘qon-1912” jamoasi yangi mavsum oldidan ilk transferini amalga oshirganini ma’lum qildi.
***
Angliyalik hujumchi Markus Reshford 2025/2026 yilgi mavsum yakuniga qadar ijara asosida “Barselona”da to‘p suradi. Futbolchi kataloniyaliklar safida qolishni istashini hamda asosiy maqsadi sovrinlar qo‘lga kiritish ekanini ta’kidladi. U joriy mavsum 24 o‘yinda 7 ta gol va 11 ta golli uzatma muallifi bo‘lgan.
***
Futzal bo‘yicha O‘zbekiston Oliy ligasining 7-tur uchrashuvlari 2026 yil 7–12 yanvar kunlari Toshkent shahridagi “Yunusobod” sport majmuasida bo‘lib o‘tadi.
***

“Al Ittihod” hujumchisi Karim Benzema rassom Pablo Pikassoning 1964 yilda yaratilgan “Soqolli erkak portreti” asarini 10 million yevroga xarid qildi.
***
OCHL–2 musobaqasining 6-turida “Istiqlol” jamoasi Bahraynda “Al Muxarraq” ustidan 3:0 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuvda Rustam Ashurmatov to‘liq 90 daqiqa maydonda harakat qildi va Sofascore tomonidan 7,3 baho oldi.
***
La Liga tomonidan dekabr oyining eng yaxshi o‘yinchisi mukofotiga Kilian Mbappe, Lamin Yamal, Yonuts Radu, Koke va Xerman Valera nomzod sifatida ko‘rsatildi.
***

CIES talqiniga ko‘ra, “Surxon” himoyachisi Behruz Karimov O‘zbekiston Superligasining eng qimmat futbolchisi deb e’tirof etildi. 2007 yilda tug‘ilgan futbolchining transfer qiymati 1,3–1,5 million yevro atrofida baholanmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA