Bugun, 9-apreldan 10-aprelga o‘tar kechasi Yevropa chempionlar ligasining chorak final bahslari bo‘lib o‘tadi.
Unda «Real» o‘z maydonida «Manchester Siti»ni qabul qilsa, «Bavariya» safarda «Arsenal» bilan raqobatlashadi. Har ikki uchrashuv MTRK telekanallari orqali jonli efirda namoyish etiladi.
***
Saudiya Arabistoni Superkubogi yarim finalida «Al-Hilol» o‘z maydonida «An-Nasr»ni 2:1 hisobida yengdi. Ushbu o‘yinda «An-Nasr» forvardi Ronaldu 86-daqiqada qizil kartochka oldi. Ikkinchi yarim final o‘yinida «Al-Ittihod» – «Al-Vahda» bahsi bo‘lib o‘tdi. Unda jiddaliklar 2:1 hisobida raqibdan ustun keldi.
Shu tariqa, Saudiya Arabistoni Superkubogi finalida «Al-Hilol» va «Al-Ittihod»ga qarshi maydonga chiqadi.
***
O‘zbekiston Superligasida mart oyining eng yaxshilari aniqlandi.
Unga ko‘ra, «Navbahor» a’zosi Toma Tabatadze o‘tgan oyda jami 4 bellashuvda maydonga tushib, raqiblari darvozasini 6 bor ishg‘ol qilgani sababidan eng yaxshi futbolchi deya e’tirof etildi. Hozirda Tabatadze Superliga to‘purarlar jadvalida ham yaqqol peshqadam bo‘lib turibdi.
«Andijon» jamoasi bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov oy murabbiyi deb topildi. Ha, «Andijon» klubi yangi mavsumni ajoyib boshladi va A.Xomyakov boshchiligida 5-turdan so‘ng musobaqa jadvalida birinchi o‘rinda bormoqda.
***
O‘zbekiston Proliga qatnashchisi G‘uzorning «Sho‘rtan» klubi ikki nafar futbolchisi bilan shartnomani bekor qildi. «Sho‘rtan» darvozabon Sherzod Abduraimov va yarim himoyachi Sherali Jo‘rayev bilan xayrlashgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan turda «Sho‘rtan» posboni Sh.Abduraimov «Mash’al»ga qarshi bellashuvda ikkinchi golni o‘tkazib yuborganidan so‘ng raqib futbolchisiga «kalla» qo‘yib jarohat yetkazgan edi.
***
Tajribali futbol mutaxassisi Ruben Amorim yaqin kunlarda faoliyatini «Liverpul»da davom ettiradi. Tomonlar uch yillik shartnoma imzolashni rejalashtirmoqda. «Liverpul» 39 yoshli murabbiy bilan shartnoma tuzish uchun «Sporting»ga 10 million yevro miqdoridagi tovon pulini to‘laydi.
Ma’lumot uchun, yozda «Liverpul»ni to‘qqiz yil boshqargan Yurgen Klopp jamoadan ketadi.
***
Angliya premer-ligasida moliyaviy feyr-pley qoidalarini buzganligi uchun «Everton» jamoasidan 2 ochko olib tashlandi. Bundan avvalroq esa, 10 ochko olib qo‘yilgan va bir muddatdan so‘ng 4 ochko qaytarib berilgan edi.
Ma’lumot uchun, «Everton» turnir jadvalida 27 ochko bilan 16-pog‘onada bormoqda.
***
Mamlakatimiz U21 yosh toifasidagi chempionatining 5-turidan o‘rin olgan «Bunyodkor» – «Dinamo» 3:0 hisobida yakunlandi. Ammo o‘yin komissarining bildirgisidan kelib chiqib, «Bunyodkor» U21 jamoasiga texnik mag‘lubiyat yozildi.
«Superliga va Proliga reglamenti»ning 14.5-bandiga ko‘ra, U21 jamoasi uchrashuv qaydnomasiga 2001-yil va undan avval tug‘ilgan faqatgina ikki nafar futbolchini kirita oladi. 2001-yilda tug‘ilgan darvozabongina limitdan tashqari qaydnomaga kirishga haqli hisoblanadi.
«Dinamo» U21 jamoasiga qarshi bellashuvda «Bunyodkor» U21 mazkur talabga qarshi chiqib, 1997-yilda tug‘ilgan Marin Lyubich, 1995 hamda 1997-yilda tug‘ilgan Najmiddin Normurodov va Momcilo Raso kabi futbolchilar bilan tarkib shakllantirgan.
Mazkur holatlar inobatga olinib, «Bunyodkor» U21 jamoasiga 0:3 hisobida texnik mag‘lubiyat yozildi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA
--0--