French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Futbol: Tartib-intizom qo‘mitasi yangi holatlarni e’lon qildi
10:44 / 2023-09-14

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Tartib-intizom qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishida so‘nggi turlardagi intizomiy ishlar ko‘rib chiqildi.

Superliga 18-turidagi “Navbahor lochinlari” — OKMK uchrashuvining 79-daqiqasida “Navbahor lochinlari” muxlislari tomonidan futbolchilarga turli buyumlar uloqtirilgani hamda idishlardan biri OKMK klubi futbolchisining boshiga tekkani sababli “Navbahor lochinlari” futbol klubiga nisbatan jarima intizom chorasi qo‘llanildi.

Pro liganing 15-turi doirasidagi “Yunired” — “G‘ijduvon” uchrashuvida “G‘ijduvon” jamoasi futbolchisi Shavkat Rahmatov bosh hakam sha’niga haqoratli so‘zlar ishlatgani uchun 3 ta o‘yindan chetlashtirildi.

Pro liganing 14-turidagi “Aral” — “Lokomotiv” hamda 16-turidagi “Dinamo plyus” — “Lokomotiv” uchrashuv komissarlari bildirgisi asosida “Superliga va Pro liga reglamenti”ning 16.30-bandida nazarda tutilgan tartib “Lokomotiv” jamoasi murabbiyi Mirko Yelichich tomonidan buzilgani sababli Mirko Yelichichga (Lokomotiv) nisbatan 1 ta o‘yindan chetlashtirish chorasi qo‘llanilgan.

Birinchi liganing 14-turi doirasidagi “Qumqo‘rg‘on-1977” — “Sementchi” uchrashuvi yakunlangandan so‘ng, “Sementchi” jamoasi futbolchisi Yu.Topvoldiyev yordamchi hakam sha’niga haqoratli so‘zlar qo‘llagani hamda jismoniy kuch ishlatishga harakat qilgani uchun 4 ta o‘yindan chetlashtirish va jarima chorasi qo‘llanildi. Ushbu turning “Bunyodkor farm”- “Shahrixonchi” uchrashuvining 65-daqiqasida “Shahrixonchi” jamoasi murabbiyi Tursunboy Husanov bosh hakam sha’niga haqoratli so‘zlar ishlatgani uchun 3 ta o‘yindan chetlashtirish va jarima intizom chorasi qo‘llanildi.

Shuningdek, Tartib-intizom qo‘mitasida U-19 chempionatining bir qator turlarida xatoliklarga yo‘l qo‘ygan, O‘FA nizomini buzganlarga nisbatan choralar ko‘rildi. Jumladan, “Paxtakor U-19” klubi futbolchilari, “Sho‘rtan U-19” “Xorazm U-19”, “Qizilqum U-19”, “Lokomotiv U-19” futbolchilariga nisbatan ham intizom choralari tatbiq etildi.

Tartib-intizom qo‘mitasida ayollar futbolida ham xatoliklarga yo‘l qo‘yayotganlar uchrayotgani qayd etildi. Bunda ayollar Oliy ligasining 18-turidagi “Metallurg W” — “So‘g‘diyona W” uchrashuvida “Metallurg W” jamoasi futbolchisi Nozima Qosimbekova bosh hakam sha’niga haqoratli so‘zlar ishlatgani uchun qizil kartochka bilan siylanishi bilan 3 ta o‘yinda qatnashishdan mahrum qilindi. Bundan tashqari, ayollar birinchi ligasi 8-turida kamchiliklar aniqlangan “Xorazm W” jamoasi futbolchisi Barchinoy Eshmuratova, “Dinamo W” jamoasi a’zosi Aziza Useinovaga nisbatan ham choralar qo‘llanildi.

“Millionlar o‘yini”ning jozibasiga, mamlakatimiz futbolining har jihatdan rivojiga soya solib turgan qonunbuzilishlarga O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan chora qo‘llanilishi va ushbu ma’lumotlar keng jamoatchilikka havola etib borilishi yurtimiz sportida ochiqlik, shaffoflik siyosatidan dalolat. Bu, futbol maydonlaridagi shiddatli o‘yinlarga “tikanak” bo‘layotgan holatlarning barham topishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.

T.Ro‘ziyev, 
O‘zA