Futbol: Tartib-intizom qo‘mitasi Samvel Babayanni jazoladi
O‘zbekiston Professional futbol ligasi qoshidagi Tartib-intizom qo‘mitasi Superliganing 2026-yilgi mavsum 1-turida kuzatilgan qoidabuzarliklar yuzasidan e’lon qilgan qarorga ko‘ra, 27-fevral kuni bo‘lib o‘tgan "Andijon" — "So‘g‘diyona" uchrashuvining 44-daqiqasida andijonliklar bosh murabbiyi Samvel Babayan maydon chetida raqib futbolchisining to‘p bilan harakatlanishiga ataylab xalaqit bergani sababli, qo‘mita Tartib-intizom kodeksining tegishli moddasiga asosan jarima intizomiy jazo chorasini qo‘lladi.
Shuningdek, joriy yil 1-mart kuni OKMK — "Bunyodkor" bahsida toshkentliklar futbolchisi Dmitriy Pletnyov hakam qaroriga norozilik bildirgani uchun sariq kartochka bilan ogohlantirilgan edi. Ushbu holat bo‘yicha hakamning bildirgisi ko‘rib chiqildi va Superliga reglamentining 15.37-bandiga muvofiq, "Bunyodkor" klubiga ogohlantirish intizomiy jazo chorasi belgilandi.
Nizomning mazkur bandiga ko‘ra, mavsumning qolgan qismida "Bunyodkor" futbolchilari tomonidan vaqtni cho‘zish yoki hakam qaroriga e’tiroz sababli sariq kartochka olinsa, ularga nisbatan to‘g‘ridan-to‘g‘ri jarima jazo chorasi qo‘llaniladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA