“So‘g‘diyona” chempionlik uchun bahsdan chekinadimi?
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati superligasi jamoalari 20-tur uchrashuvlarini o‘tkazmoqda. Ushbu turning markaziy bahsi bugun 2 oktyabr kuni Toshkentda “Paxtakor” va Qarshining “Nasaf” klublari o‘rtasida bo‘lib o‘tadi.

Kuni kecha Jizzaxda turnir jadvalida yonma-yon borayotgan “So‘g‘diyona” va Olmaliqning AGMK klublari o‘rtasidagi bahs ham ko‘pchilikning e’tiborida bo‘lganligi shubhasiz. 29 sentyabr kuni Navoiyda “Qizilqum” Bekobodning “Metallurg klubiga imkoniyatni boy berganidan so‘ng (0:1) jizzaxlik futbolchilarda ham, AGMKda ham g‘alabani o‘z hisobiga yozib, “So‘g‘diyona” Navoiy shahri jamoasini quvib o‘tishi, Mirjalol Qosimovning olmaliqlik shogirdlari ochkolar bo‘yicha “So‘g‘diyona” va “Qizilqum”ga yetib olishi mumkin edi.
Shu sababdan ham “So‘g‘diyona” va AGMK o‘rtasidagi bahs keskin, murosasiz va qaramaqarshiliklarga boy bo‘ldi. Maydon egalari o‘yinni bosim bilan boshlagan bo‘lsada, hisobini ochish mehmonlarga nasib etdi. Uchrashuvning 18-daqiqasida Shoxruh Gadoyevning qanotdan katta tezlikda “So‘g‘diyona” futbolchilarini ortda qoldirib, to‘pni mezbonlar jarima maydonchasiga uzatdi. Jizzaxlik himoyachilar tomonidan o‘z jarima maydonida e’tiborsiz qoldirilgan “Qizilqum”ning afrikalik legioneri Martin Boake “So‘g‘diyona” darvozasiga to‘p kiritib, hisobni ochdi – 0:1.
Ana shu hisob bilan jamoalar tanaffusga chiqib ketdi.
Ulug‘bek Baqoyev shogirdlari 2-bo‘limda yana bosimni oshirdi, ammo himoyada yaxshi harakat qilgan AGMK futbolchilari bexato harakat qildi. “So‘g‘diyona”ga bu uchrashuvda asosiy tarkibning 3 nafar: Shaxboz Jo‘rabekov, Iskandar Shayqulov hamda Daniyel Nasriddinovlarning (sariq va qizil kartochkalar tufayli) jamoaga yordam bera olmagani ham jamoaga pand bergan bo‘lsa ajab emas.
Omad kelmasa, kelmas ekan, bahsning 61-daqiqasida jizzaxliklar to‘purari Shoxruz Norxonov hakam tomonidan belgilangan penaltini golga aylantira olganida, o‘yin taqdiri mutlaqo o‘zgarib ketishi mumkin edi, lekin unday bo‘lmadi.
O‘yinning 81-daqiqasida esa uchrashuv hakami Akobir Shukurullayev bu safar “So‘g‘diyona” darvozasi tomon penalti belgiladi. Shoxruzdan farqli o‘laroq, Xurshid G‘iyosov 11 metrlik belgidan to‘pni darvozaga aniq yo‘llab, o‘rtadagi farqni 2 taga yetkazdi– 0:2.

3 frontda – OFK Kubogi, O‘zbekiston chempionati va mamlakat kubogi bahslarida kurash olib borayotgan “So‘g‘diyona” 5 turki g‘alaba qozona olmayapti.
Futbol muxlislari tomonidan: “OFK Kubogini qo‘lga kiritish maqsadida “So‘g‘diyona” chempionlik uchun kurashdan chekindimi?” degan savol qo‘yilmoqda.

Lekin jamoa rahbariyati va futbol mutaxassislarning fikri boshqacha. “So‘g‘diyona” bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoyev ham, uning jamoasi ham jangsiz taslim bo‘ladiganlar sirasiga kirmaydi va chempionlik uchun ham, kubok uchun ham va OFK Kubogi uchun ham bahsni oxirigacha olib borishiga shubha yo‘q”, deyishmoqda.

Darhaqiqat, jizzaxlik futbolchilarning bugungi kundagi bor e’tibori joriy yilning 5 oktyabr kuni “So‘g‘diyona” markaziy stadionida OFK Kubogi uchun kechadigan Malayziyaning “Kuala Lumpur Siti” klubiga qarshi mintaqaviy final bahsga qaratilgan.
Umid qilamizki, “So‘g‘diyona” bu bahsda O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilib, uchrashuvni g‘alaba bilan o‘z foydasiga yakunlaydi.
A.QAYUMOV, O‘zA