English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Futbol: Superliga va O‘zbekiston kubogi o‘yinlari qizg‘in pallada
13:34 / 2023-10-19

Bugun, 19 oktyabr kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston kubogi yarim final o‘yinlari o‘tkaziladi. “OKMK” o‘z maydonida “Navbahor”ni qabul qilsa, “Nasaf” final yo‘llanmasi uchun “Dinamo” bilan raqobatlashadi. Ushbu o‘yinlar 18:00 da boshlanadi.

Shuningdek, ertaga 20 oktyabrdan superligada 22-tur uchrashuvi davom ettiriladi va 22 oktyabr kuniga qadar bo‘lib o‘tadi. 30 oktyabr kuni esa “Navbahor” – “Nasaf” uchrashuvi bilan 22-tur to‘liq yakuniga yetadi.  

Ushbu turni “Metallurg” va “Buxoro” klublari o‘rtasidagi o‘yin boshlab beradi.    

“Buxoro” 14 ochko bilan 13-o‘rinda boryapti. Jamoa superligada jon saqlab qolish uchun har bir uchrashuvda g‘alaba ilinjida maydonga tushmoqda. Shu sababli ham Ulug‘bek Baqoyevning shogirdlari Olmaliqqa hatto durangga ham rozi bo‘lmagan holda boradi. Biroq “Metallurg” ham o‘z maydonida muxlislari ko‘z o‘ngida mag‘lubiyat uchun o‘ynamasligi barchamizga ma’lum. Shu bois ham mazkur uchrashuv  g‘oyatda qizg‘in o‘tishi shubhasiz.  

Darvoqe, o‘zaro o‘yinlar tarixiga ko‘z tashlaganimizda, “Buxoro” Bekobodda o‘tgan so‘nggi 3 ta uchrashuvda raqib darvozasiga bitta ham gol urolmagan. Aniqrog‘i, so‘nggi marotaba buxoroliklar 2017 yili “Metallurg” darvozasini ishg‘ol qilgan.  

Superliganing ikkinchi o‘yini “Paxtakor” va “Turon” o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. “Paxtakor” jadvalni boshqarmoqda, “Turon” esa so‘nggi o‘yinda borayotir. Albatta, poytaxt klubi qariyb ikki oy mobaynida g‘alaba qozona olmayotgan bo‘lsada, ushbu o‘yinda favorit hisoblanadi.  

21 oktyabr kuni esa Toshkent derbisiga guvoh bo‘lamiz. Ya’ni “Olimpik” o‘z maydonida “Bunyodkor”ni qabul qiladi. Bu jamoalar bir-birlari bilan ko‘plab jihatdan tengdir. Shundan kelib chiqib, uchrashuvda durang ham qayd etilishi ehtimoli katta. Shuningdek, shu kuni “So‘g‘diyona” – “Andijon” bahsi ham o‘tkaziladi. 22 oktyabr kuni esa “Neftchi” Farg‘onada “Surxon”ni mehmon qiladi. “Neftchi” hozirda medallar uchun jiddiy kurashmoqda. Vodiyliklar mehmondo‘st xalq bo‘lishiga qaramasdan, mazkur uchrashuvda mehmonlarni “xafa” qilishga majbur. Agarda “Surxon” mag‘lub etilmasa, Superliga medallarini qo‘lga kiritish imkoniyati yanada pasayadi. “Surxon” ham uzoq masofadan mag‘lub bo‘lish uchun kelmasligi aniq. Bu jamoa ligada har qanday klubni mag‘lub etishga qodir, agarda o‘z o‘yinini topa olsa...  

****

O‘zbek futbolidagi qaynoq xabarlarni yakunlab, e’tiborni Yevropaga qaratamiz.  

Italiya “A” seriyasida “Kalyari” navbatdagi uchrashuvini 22 oktyabr kuni safarda “Salernitana” jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Har ikki jamoa hali birorta g‘alaba qozonmagan holda, musobaqa jadvalining eng quyi pog‘onalarida bormoqda.  

Ushbu jamoadagi legionerimiz Eldor Shomurodovning faoliyati ko‘ngildagidek va muxlislar kutganidek bo‘lmayapti. Legionerimizning ayrim uchrashuvlarda faolligi ajralib turgan bo‘lsa, ba’zan maydonda bor-yo‘qligi bilinmay qolyapti. Shu sababli ham Eldor navbatdagi uchrashuvda imkoniyat berilsa, undan unumli foydalanishi kerak va albatta gol urishi zarur. Bo‘lmasa, “Kalyari” rahbariyati Eldor Shomurodovdan voz kechishi mumkin. Umid qilamizki, futbolchimiz nimaga qodir ekanini qishki transfer oynasi ochilguncha isbotlaydi.  

Angliya premer-ligasida o‘tgan 8 turdan so‘ng “Tottenxem” va “Arsenal” jamoalari 20 ochko jamg‘argan holda, jadvalda karvonboshilik qilmoqda. Angliya futboli mutaxassislari 9-tur arafasida darvozabonlar statistikasini e’lon qildi. Unga ko‘ra, eng kam gol o‘tkazgan darvozabonlar orasida “Kristal Pelas” a’zosi Sem Jonston birinchi bo‘lib turibdi. U o‘tgan 8 o‘yinning 4 tasida darvozasi daxlsizligini ta’minladi va liganing eng yaxshi darvozaboni sifatida e’tirof etilmoqda.  

“Manchester Yunayted” yarim himoya chizig‘idagi muammolarni “Real Madrid”dan Luka Modrichni olib kelgan holda hal etmoqchi. Luka hozirda 38 yoshda, u Madrid klubida avvalgidek ko‘p o‘yinlarda maydonga tusha olmayapti va o‘yin amaliyoti o‘z-o‘zidan kamaymoqda. Shu sababli ham futbolchi “Real”dan qishki transfer mavsumida ketishga tayyor.  

Eslatib o‘tamiz, Modrich 2012 yildan beri madridliklar safida o‘ynab kelmoqda. Uning transfer narxi 10 million yevro deya baholanmoqda. 

****

Transferlar haqida gap ketganda futbolchilarning transfer narxlarini aniqlab boradigan “Transfermarkt” portalining e’lonlariga to‘xtalib o‘tmasak bo‘lmaydi. Kuni kecha ushbu portal Fransiya chempionatida o‘ynayotgan eng qimmat futbolchilar reytingini e’lon qildi. Unda eng yuqori uch pog‘onani “PSJ” jamoasi a’zolari egalladi.  

Aniqrog‘i, birinchi o‘rindan Kilian Mbappe joy oldi “PSJ” hujumchisining bugungi kundagi transfer narxi 180 million yevro etib belgilandi. Undan keyingi o‘rinda Randal Kolo Muani bormoqda. Uning narxi 80 million yevroga baholangan bo‘lsa, uchinchi pog‘onadan Nunu Mendesh joy oldi. Nununi qay bir jamoa o‘z safiga qo‘shishni istasa, Parij klubiga 65 mln. yevro to‘lashi kerak bo‘ladi.  

Joze Mourinyu Rimni yozda tark etishi mumkin. Sababi “Roma” klubi rahbariyati portugaliyalik murabbiy bilan shartnomani uzaytirmoqchi emas. Biroq, Joze jamoani tark etishi bilan ish qidirishi shart emas. Hozirda unga Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” klubi vakillari shartnoma taklif qilmoqda. Saudiyaliklar mashhur murabbiyga katta maosh va’da qilmoqda va u bilan hamkorlik o‘rnatishni istayapti.  

Kelasi yili Germaniya futbol maydonlarida Yevropa chempionati bo‘lib o‘tadi. Shu kunlarda mazkur musobaqaga chiqish uchun saralash bahslari o‘tkazilmoqda. Shunday bo‘lsada, “Yevro-2024" final bosqichida favorit jamoalarini aniqlash mumkin. Jumladan, ushbu musobaqada g‘alaba qozonish uchun eng yuqori imkoniyatlar Fransiya, Angliya va Portugaliya terma jamoalarida deya taxmin qilish mumkin. Shuningdek, Ispaniya, Belgiya, Avstriya, Germaniya, Shotlandiya, Turkiya va Vengriya kabi terma jamoalar ham yuqori saviyada o‘yin o‘tkazishi shubhasiz. Bular hozircha oddiy taxmin xolos. Mazkur taxminlar aniqligini 2024 yili 14 iyundan 14 iyulga qadar bo‘lib o‘tadigan Yevropa chempionatini kuzatish davomida bilib olamiz.  

 

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA