Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Futbol shunchaki o‘yin emas, uning o‘ziga xos hayot falsafasi, qoidalari, an’analari bor
10:23 / 2021-09-14

"O‘zbekneftgaz" tizimida sportni rivojlantirishga qaratilgan loyihalarga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.

Neft-gaz tizimiga kiruvchi deyarli barcha korxonalarda sport-sog‘lomlashtirish majmualari barpo etilgan. Ularda nafaqat yosh avlod, bolalar va o‘smirlar, balki korxona xodimlari ham qulay sharoitlarda sport bilan shug‘ullanish imkoniyatiga ega.

Buxoro neftni qayta ishlash zavodi rahbariyati o‘z hamkasblarini kasbiy faoliyatdan tashqaridagi faolligini rag‘batlantiradi, bu ish sifati va samaradorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

–Korxonada sportni qo‘llab-quvvatlash – bu g‘ururlanish mumkin bo‘lgan yaxshi an’analardan biridir, – deydi "Buxoro NQIZ" MCHJ direktori Akbar Fazilov.–Futbol korxona uchun asosiy sport turlaridan biridir. Qayd etish joizki, ushbu sport anchadan buyon eng ommabop tur bo‘lib kelgan. Korxona bu yil birinchi marta "Mini futbol bo‘yicha direktor kubogi"ni o‘tkazdi. Undan asosiy maqsad zavodning eng faollarini aniqlash va kuchli futbol jamoasini shakllantirishdir. Zavod sexlarining har bir jamoasi g‘alaba qozonishga intildi. Bu yerda hamma shu maqsadda birlashdi. Buning natijasida mehnat jamoasi yanada ahillashdi. Matchlar jamoalar o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro tushunish va hurmatni yorqin namoyon etdi. Yosh muxlislar – xodimlarimizning farzandlarini tribunalarda ko‘rish juda quvonarli bo‘ldi. Ota-onalar ularga bugungi kunda sport bilan shug‘ullanish qanchalik muhimligini shaxsiy namuna bilan ko‘rsatib berdi.

Musobaqa natijasida yosh ixlosmandlardan iborat kuchli jamoa shakllandi. "Ishtirok etish va g‘alaba qozonish!" – futbol jamoasining shiori. Aynan yoshlar doimo birinchi bo‘lishga intilishlari quvonarlidir.

Har yili "O‘zbekneftgaz" AJ yirik sport tadbirlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Boshqaruv raisining tashabbusi bilan joriy yilning 3 martida futbol bo‘yicha "O‘zbekneftgaz chempionati" boshlandi.

Unda "O‘zbekneftgaz" AJ tizimiga kiruvchi markaziy apparat, boshqarma, zavod va korxona xodimlaridan shakllantirilgan jamoalar ishtirok etdi. Jamoa "O‘zbekneftgaz" kubogi uchun kurashda faol ishtirok etdi.

–Bizning futbolchilar yarim finalga bir qadam yaqin edi, – deydi suhbatni davom ettirgan holda zavod direktori Akbar Fazilov. – Yuqori sifatli va ajoyib o‘yin ko‘rsatdi. Futbol istiqbollarini ko‘rsatib berdi. Futbolning ashaddiy muxlisi sifatida jamoamiz muvaffaqiyatlarini kuzatishga harakat qildim.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 oktyabrdagi " Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni ijrosini ta’minlash va tashkilotlarda ishlaydigan xodimlarni jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlariga jalb qilish maqsadida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan Sohil futboli bo‘yicha O‘zbekiston chempionati o‘tkazildi.

Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasining "Geolog" ixtisoslashtirilgan maydonchasida Sohil futboli bo‘yicha viloyatlar terma jamoalari o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi.

Musobaqada viloyatlarning turli korxona va tashkilotlari vakillaridan tashkil topgan o‘nta jamoa ishtirok etdi.

Buxoro viloyati nomidan qatnashish jamoa uchun katta sharaf edi. Ushbu turdagi musobaqada futbolchilar yaxshi jismoniy tayyorgarlik va to‘pni mohirona boshqarish qobiliyatini namoyish etdi. Natijada Buxoro NQIZ terma jamoasi chempionatning kumush medalini qo‘lga kiritdi.

Futbol shunchaki o‘yin emas, uning o‘ziga xos hayot falsafasi, qoidalari, an’analari bor. Men yosh jamoamizga tanlangan yo‘ldan og‘may harakat qilish, har bir g‘alabaga o‘jarlik va qat’iyat bilan borishni, yuqori mukofotlarga sazovor bo‘lishni tilayman,  – deydi Akbar Fazilov.

 

Zarif Komilov, O‘zA