Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Futbol sharhi: Eldor Shomurodov o‘yinida o‘sish, Abbosbek Fayzullayevda esa..
11:33 / 2023-12-12

Muxlislar Messi va Ronaldu qarama-qarshiligiga guvoh bo‘ladi.

Qish faslida mamlakatimizda futbol bo‘yicha chempionat va kubok bahslari o‘tkazilmaydi. Shu sabab futbol ixlosmandlari bor e’tiborini legionerlarimiz o‘yinlari va boshqa qit’a musobaqalariga qaratadi.  

Bugun Yevropa qit’asida iqtidorli futbolchilarimiz ishonchli o‘yinlar o‘tkazib jamoalari muvaffaqiyatiga o‘z hissalarini qo‘shib kelmoqda. Ularning o‘yin tajribasi oshishi kelajakda mamlakatimizda futbol yanada rivoj topishiga zamin yaratadi.  

So‘nggi vaqtlarda Italiya chempionatida to‘p surayotgan Eldor Shomurodov “Kalyari” safida o‘z o‘yinini asta-sekin topib bormoqda. Chempionatning 15-turida “Kalyari” va “Sassuolo” uchrashuvi o‘tkazildi. O‘z maydonida birinchi bo‘lib to‘p o‘tkazib yuborgan sardiniyaliklar yana superkambek evaziga g‘alabani ilib ketdi.  

O‘yindagi to‘xtalishlar o‘rnini qoplash uchun qo‘shib berilgan daqiqalarda Janluka Lapadula va Leonardo Pavoletti bittadan gol urdi. G‘alaba goliga Eldor Shomurodov assistentlik qildi. Shu tariqa, “Kalyari” 2:1 hisobida g‘alaba qozondi va turnir jadvalida 13 ochko bilan 16-o‘ringa chiqib oldi.  

Italiya futbolini yoritayotgan https://www.calciomercato.com sayti ekspertlari “Kalyari” futbolchilarining o‘yinini quyidagicha baholadi. Qayd etilishicha, Eldor eng faol o‘yinchilardan bo‘ldi. 74-daqiqada maydonga tushgan Eldor Shomurodov “Kalyari”ning hujumini kuchaytirdi. Murakkab vaziyatda turganiga qaramay, Pavolettiga golli pas uzatdi. Jamoasining g‘alabasiga katta hissa qo‘shdi. E.Shomurodov o‘yin davomida 6 marta sheriklariga pas berdi, shulardan 5 tasi aniq yetib bordi. Shuningdek, 11 marta to‘pga tegindi. Uning o‘yini esa ekspertlar tomonidan 7 ballga baholandi.  

Albatta, so‘nggi uchrashuvlarda Eldor Shomurodov asosiy tarkibda maydonga tushmayapti va o‘yin amaliyoti biroz bo‘lsada pasaymoqda. Biroq u berilgan imkoniyatlardan maksimal foydalanib, o‘zini nimalarga qodir ekanini isbotlab kelmoqda.  

Yevropa qit’asida faoliyat ko‘rsatayotgan yana bir mashhur futbolchimiz Abbosbek Fayzullayev haqida to‘xtalib o‘tmasak bo‘lmaydi.  

“Sport Ekspress” nashri o‘ttiz yildan ko‘p vaqt mobaynida har bir uchrashuvda futbolchilarning ishtirokini baholab boradi va umumiy ballar asosida eng yaxshi o‘yinchilar reytingini tuzadi. Nashr Rossiya Premer-ligasining birinchi qismi bo‘yicha eng yaxshi futbolchilar reytingini e’lon qildi.  

Unga ko‘ra, “Paxtakor”dan SSKAga ko‘chib o‘tganidan keyin Rossiya Premer-ligasida porlay boshlagan Abbosbek Fayzullayev 17-turdan keyin ushbu reytingning uchinchi pog‘onasini egallab turgan edi.  

Biroq legionerimiz 2023 yilning so‘nggi uchrashuvida o‘zini ko‘rsata olmadi. Buning natijasida ekspertlarning aksariyati A.Fayzullayevning o‘yinini past baholadi. Buning oqibatida Abbosbek Fayzullayev reytingda kuchli uchlikdan 6-pog‘onaga tushib ketdi. Shunday bo‘lsada futbol jamoatchiligining aksariyati 20 yoshli Abbosbekni Premer-liganing birinchi davrasidagi eng asosiy kashfiyot sifatida tan oldi.  

Endi Rossiya Premer-ligasida 2024 yilning 1 martiga qadar tanaffus.  

Eldor Shomurodov, Abbosbek Fayzullayev qatori Husniddin Aliqulov ham Yevropa qit’asida o‘z nomini asta sekin tanitmoqda. U Turkiya chempionatining 15-turidan o‘rin olgan “Ankaraguju” – “Rizespor” uchrashuvida o‘yin boshidan so‘ngiga qadar maydonda bo‘ldi. Mazkur bahs 1:1 hisobida yakunlandi. Shu tariqa, “Rizespor” turnir jadvalida 8-o‘ringa chiqib oldi. O‘yin davomida H.Aliqulov 5 marta havodagi bahsda ustun keldi va paslari aniqligi 87 foizni tashkil qildi. “Sofa Score” himoyachining harakatlarini 6,9 ball, deya baholadi.  

Mazkur bahsning yana bir qiziq jihati shundaki, o‘yin yakuniga yetganidan so‘ng mezbonlar prezidenti Koja Chaykur maydonga tushib, hakamning yuziga musht tushirdi. Hakam Umut Meler kaltaklandi. Ushbu holatdan keyin Turkiya futbol federatsiyasi navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazdi va mamlakatdagi barcha ligalar vaqtincha to‘xtatilishi ma’lum qilindi.  

 

Afrikaning 2023 yildagi eng yaxshi futbolchisi “CAFAwards” marosimida aniqlandi. Unga ko‘ra, Nigeriya terma jamoasi va “Napoli” hujumchisi Viktor Osimxen yakunlanayotgan yilda Afrikaning eng yaxshi futbolchisi deb e’lon qilindi. U “Napoli” safida 39 ta o‘yin o‘tkazib, 31ta gol urdi va 5 ta golli uzatmaga mualliflik qildi. Ma’lumot uchun, Viktor ushbu sovrin uchun Muhammad Salah (Liverpul) va Ashraf Hakimi (PSJ) bilan kurash olib bordi.  

Shuningdek, marosimda “Al-Hilol” va Marokash terma jamoasi a’zosi Yassin Bunu Afrikada yilning eng yaxshi darvozaboni deb topildi. Bunu bu sovrin uchun Andre Onana va El Shanavi bilan kurash olib bordi va g‘olib chiqdi.  

Bugun, 12 dekabr kuni Jidda shahrida FIFA tomonidan klublar o‘rtasidagi jahon chempionati boshlanadi. Unda har bir mintaqa chempionlari va mezbon jamoa ishtirok etadi. Aniqrog‘i Osiyo chempionlar ligasi, KAF Chempionlar ligasi, KONKAKAF, Kopa libertadores, Yevropa chempionlar ligasi g‘oliblari o‘rtasida turnir tashkil qilinadi.  

Musobaqaning birinchi o‘yini bugun “Al-Ittihod” va “Okland Siti” o‘rtasida o‘tkaziladi. Mazkur uchrashuvda g‘alaba qozongan klub chorak finalga yo‘l oladi. Unda esa  “Leon” – “Urava Reds” va “Al-Ahli” (Misr) – “Al-Ittihod”/ “Okland Siti” to‘qnashuvlari bo‘lib o‘tadi. Qolgan ikkita jamoa, ya’ni “Fluminense” va “Manchester Siti” chempionatni yarim finaldan boshlaydi. Demak, “Fluminense” – “Al-Ahli”/ “Al-Ittihod”/ “Okland Siti”, “shaharliklar” esa “Leon”/ “Urava Reds” klublaridan biriga qarshi maydonga tushadi.  

Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida eng ko‘p “Real Madrid” chempion bo‘lgan. Qirollik klubi faoliyatida mazkur musobaqani 5 marta yutgan. Shuningdek, klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida eng ko‘p golni Krishtianu Ronaldu urgan. Hujumchi 7 marta raqib darvozasini ishg‘ol qilishga muvaffaq bo‘lgan.  

Mazkur musobaqada g‘olib bo‘lgan jamoa 5 million AQSH dollari pul mukofoti bilan taqdirlansa, 7 o‘rin sohibi bor-yo‘g‘i yarim million AQSH dollariga ega bo‘ladi.  

2024 yilgi mavsum ham qiziqarli bahslar bilan boshlanadi. Sababi 29 yanvar kuni “Inter Mayami” jamoasi Saudiya Arabistonining ikki klubi bilan o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi. Messi boshchiligidagi jamoa “Al-Hilol” va “Al-Nasr”ga qarshi o‘yin o‘tkazadi.  

Shu tariqa, yil boshida futbol ishqibozlari Messi va Ronaldu qarama-qarshiligiga guvoh bo‘lishi mumkin.  

Darvoqe, 12-13 dekabr kunlari futbol muxlislari Yevropa chempionlar ligasining guruh uchrashuvlarini kuzatishlari mumkin. Ushbu bahslar shiddatli o‘tishi shubhasiz.  

Bugungi bahslar bilan quyida tanishasiz:  

“A” guruhi: “Man. Yunayted” – “Bavariya”, “FK Kopengagen”–“Galatasaray”;  

“V”guruhi: “PSV Eyndxoven” –  “Arsenal”, “Lans – Sevilya”;  

“C”guruhi: “Napoli” –  “Braga”, “Union” – “Real Madrid”;  

“D” guruhi: “Inter M” – “Real Sosedad”, “Zalsburg” – “Benfika”;  

 

Javohir Toshxo‘jayev,  

O‘zA