Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Futbol: Qit’a chempionatiga tayyorgarlik yuqori darajada
11:36 / 2022-05-26

Ma’lumki, yana 5 kundan so‘ng mamlakatimizda 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionati bahslari boshlanadi.

Qit’aning 16 ta terma jamoasi o‘rtasida kechadigan o‘yinlarga nafaqat yurtimizda, balki xalqaro futbol olamida ham qiziqish yuqori.   

Dunyo futbol mutaxassislariyu muxlislari diqqat markazida bo‘lgan mazkur chempionatni har taraflama yuqori darajada o‘tkazish O‘zbekistonning xalqaro maydondagi mavqeini yuksaltirishda muhim ahamiyatga ega. Unga tayyorgarlik ko‘rish, o‘tkazish, xorijiy terma jamoalarni kutib olish, joylashtirish, zarur shart-sharoitlarni hozirlash masalalari bo‘yicha Hukumat darajasida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, tashkiliy qo‘mita ish olib bormoqda.  

Kuni kecha O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida 1-19 iyun kunlari bo‘ladigan mazkur musobaqaga tayyorgarlik xususida yig‘ilish o‘tkazildi.  

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Ravshan Ermatov, Sportni rivojlantirish vaziri maslahatchisi Avaz Karimov olib borgan yig‘ilishda tegishli tashkilotlarning mas’ullari, mutaxassislari, o‘yinlar o‘tadigan stadionlarning mutasaddilari, jamoalar joylashadigan mehmonxona vakillari ishtirok etib, chempionatni o‘tkazish bilan bog‘liq har bir holat atroflicha muhokama qilindi.  

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Ravshan Ermatov mamlakatimizda ilk bor tashkil etilayotgan ushbu yosh toifasidagi qit’a chempionati Vatanimizning xalqaro obro‘-e’tiboridagi muhim sport tadbirlardan biri ekani, shunday chempionatlar O‘zbekiston futbolini FIFA doirasidagi bundanda nufuzli musobaqalarda qatnashish, ularni qabul qilish pog‘onasiga chiqishida muhim rol o‘ynashini ta’kidladi.  

Shuningdek, o‘yinlarga muxlislarni jalb etish, bugungi davr talabidan kelib chiqib, har bir uchrashuv natijasi tezkorlikda ommaviy axborot vositalarida yoritilishiga e’tibor qaratilishi lozimligi bildirildi.   

Chempionat nafaqat futbolimiz rivojiga, qolaversa yurtimizning turistik salohiyatini oshirishga ham xizmat qilishini inobatga olgan holda chet el futbol jamoalari uchun madaniy va tarixiy majmualarga sayohat uyushtirish, zamonaviy loyihalar asosida qad rostlagan va rostlayotgan infratuzilmalar bilan ularni tanishtirish, Yangi O‘zbekistonning yangi yutuqlarini dunyoga ko‘rsatishda, xalqimizning benazir salohiyatiga jahon hamjamiyatining yanada teranroq e’tibor qaratishida muhim omil bo‘lishi aytib o‘tildi.  

Muhokamalar yakunida Osiyo kubogini o‘tkazish bilan bog‘liq har bir yo‘nalish, tarmoq bo‘yicha tegishli tashkilot va idoralarning mutasaddi va mutaxassislariga aniq vazifalar yuklatildi.  

Shu o‘rinda bir gap. Ushbu qit’a kubogi bahslarining O‘zbekistonda o‘tkazilishi madaniyatimiz, yuksak salohiyatimizni yana bir bor xalqaro maydonda namoyish etish uchun yaxshigina imkoniyat. Bu chempionat jahon futbolining yuqori cho‘qqilariga chiqishimiz uchun katta dovonga chiqishdagi yo‘l bo‘lishi mumkin. Zotan, O‘zbekiston futbolida faoliyat ko‘rsatayotgan yuzlab mutaxassislarning, millionlab muxlislarning qalb qo‘rlaridagi orzu-niyati ham shunga qaratilgan.   

Shunday ekan, imkoniyatdan unumli foydalangan holda mamlakatimizning turli hududlaridagi futbolga ixtisoslashgan bolalar-o‘smirlar futbol maktablarida tarbiyalanayotgan yosh sportchilar uyushgan holda qit’a chempionati o‘yinlarini bevosita ko‘rishga jalb etilsa, Osiyoning “kichik gigantlari” o‘rtasidagi shiddatli o‘yinlar, yashil maydonda namoyish etiladigan texnik-taktik usullar ertaga yorqin futbolchi bo‘laman degan orzudagi olovqalb farzandlarimiz uchun mahorat darsi bo‘lardi. Bu, xalqimiz va mamlakatimizning kelgusi yutuqlariga poydevor vazifasini o‘tashi shubhasiz.  

Eslatib o‘tamiz, ushbu chempionatga tayyorgarlik ko‘rayotgan O‘zbekiston U-23 terma jamoasi ayni kunlarda poytaxtimizdagi “JAR” stadionida so‘nggi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida qatnashmoqda.     

Shuningdek, Osiyo kubogida ishtirok etish uchun yetib kelgan Janubiy Koreya va Avstraliya terma jamoalari ham hozirda poytaxtimizda tayyorgarlik mashg‘ulotlarini olib bormoqda.  

To‘lqin Ro‘ziyev,  O‘zA