Qatar Markaziy banki jahon chempionati uchun qurilgan stadionlar tasvirlangan esdalik kupyuralarni keng ommaga namoyish etdi.
Bu haqda Qatar Markaziy banki veb-saytida xabar berildi.
"Qatarda o‘tadigan futbol bo‘yicha 2022 yilgi jahon chempionati uchun esdalik kupyuralarni chiqarish bank sektorining yaqin Sharq va Arab dunyosidagi bu jabhadagi birinchi qadami bo‘ldi”, deydi bank rahbari Bandar bin Saud Al-Tani.

Qatarning esdalik banknotalarida kubok va "Qatar-2022"ning rasmiy logotipi aks etgan.
Banknotning bir tomonida Lusayl shahridagi stadionning oltin piyola shaklidagi tasviri, ikkinchi tomonida Qatar shimolidagi badaviylar chodiri ko‘rinishidagi "Al-Bayt" stadioni joylashgan bo‘lib, aynan ushbu o‘yingohda mundialning ochilish va yopilish o‘yinlari tashkil etiladi.

Banknotda shuningdek, mamlakat gerbi, Doha markazidagi osmono‘par binolar, mintaqada an’anaviy bo‘lgan "Dou" yog‘och kemasi va YUNESKOning madaniy merosi ro‘yxatidagi Zubara qal’asi tasvirlangan.
Markaziy bank rahbarining so‘zlariga ko‘ra, esdalik banknotalarida Qatarning madaniy merosini aks ettiruvchi dizayn mavjud. Ular mamlakat tarixida birinchi marta qimmatbaho polimer materiallaridan tayyorlangan. Ularni soxtalashtirish deyarli mumkin emas. Banknotlar mamlakat banklari va valyuta ayirboshlash shoxobchalarida nominal qiymatda sotiladi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA