Bugun, 15 mart kuni Toshkentdagi "Bunyodkor" stadionida O‘zbekiston terma jamoasi U-20 Osiyo kubogi final yo‘llanmasi uchun Janubiy Koreya termasiga qarshi maydonga tushdi.
Terma jamoa bosh murabbiyi Ravshan Haydarovning texnik-taktik sxemasi asosida harakatlangan futbolchilarimiz birinchi va ikkinchi bo‘limda munosib o‘yin ko‘rsatdi.
33 ming 977 nafar ishqiboz guvohligida o‘tgan o‘yin so‘nggi daqiqagacha davom etdi. Finalchi penaltilar seriyasida aniqlandi.
[gallery-11004]
Iroda va matonat namoyish etgan futbolchilarimiz bu borada omadli ekanligini isbotladi.
Terma jamoamiz darvozaboni Otabek Boymurodov koreyalik futbolchilar bilan 11 metrlik qarama-qarshilikda o‘z mahoratini namoyish etib, qahramonga aylandi va hamyurtlarimizni finalda yana iroqliklar bilan ro‘baro‘ kelishini ta’minladi.
Darvoqe, yarim finalning ikkinchi juftligida Iroq-Yaponiya “dueli”da iroqliklar finalda kurashishga haqli ekanliklarini namoyish etdi.
Endi 18 mart kuni “Bunyodkor” stadionida o‘tadigan qit’a kubogi finalida O‘zbekiston-Iroq chempionlik uchun maydonga tushadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA