Kecha yurtimizda o‘tkazilgan futbol o‘yini qizg‘in kechib, muxlislarga turli xil hissiyotlarni tortiq etdi.
"CAFA Nations Cup" finalida O‘zbekiston hamda Eron milliy terma jamoalari to‘qnash keldi. Murakkab kechgan o‘yinda hamyurtlarimiz 1:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Garchand eronliklar beshinchi daqiqadan keyin bir futbolchi kam o‘ynagan bo‘lsa-da, yigitlarimizga munosib qarshilik ko‘rsatdi. Hatto, ba’zi vaziyatlarda ustunlikka ham erishdi.
Qizig‘i, ushbu ikki jamoa o‘rtasidagi qarama-qarshilik go‘yoki an’anaga aylangan. Eronni bizchalik, bizni Eronchalik biladigan raqib bo‘lmasa kerak, degan xulosaga ham kelib qolasan kishi. FIFA prezidenti Janni Infantino boshchiligidagi xalqaro futbol mutaxassislarining tashrifi ham ushbu o‘yin darajasini yanada oshirib yubordi desak, adashmagan bo‘lamiz.
Har bir sohada bo‘lgani kabi bugungi kunda mamlakatimizda futbolning rivojlanishi yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bu albatta, maydondagi mehnat va maydon tashqarisidagi e’tibordan dalolat aslida.
Davlatimiz rahbarining taqdirlash jarayonidagi ishtiroki ana shu e’tibor nishonasidir. Quvonarlisi, qilingan mehnatlar besamar ketmayapti. Tariximizda ilk bor mundial yo‘llanmasidan keyin mana bunday g‘oliblik...
Biroq o‘yin haqida mulohazalar turlicha. Futbol millionlar o‘yini bo‘lgani sababli muxlislarning ham qarashlari turfa xil bo‘lishi tabiiy. Shuningdek, bosh murabbiy Temur Kapadze o‘yindan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida futbolchilar haqidagi savollarga iliq fikr bildirdi.
Gapning sirasini aytganda, maydonda 90, ba’zida 120 daqiqa to‘p surish zahmatini uni o‘z tanasida his qilganlar biladi. Kechagi o‘yin holatidan ham kelib chiqib aytish mumkinki, futbolchilarimiz Vatan sharafini munosib himoya qilish uchun borlarini berib yashamoqda. Ular xalqimizning maydondagi jangchilaridir. Shunday ekan, natija qanday bo‘lmasin, ularga nisbatan qalbimizda mehr jo‘sh urib turadi, hurmat bilan munosabatda bo‘laveramiz.
Sherbek Islomov, O‘zA