French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Futbol nafaqat salomatlik, balki iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish manbai hamdir
21:32 / 2023-09-26

Bugungi kunda millionlar o‘yini futbol bo‘yicha o‘tkazilayotgan musobaqalar, jahon chempionatlari xalqaro sport jamoatchiligi, ayniqsa, yashil maydon zavqiga ixlosmand muxlislarning e’tiborini tobora o‘ziga ohangrabodek tortayotgani uning tomoshabinlari safi otib borayotganligida ham ko‘rinmoqda.

FIFA ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda 250 milliondan ziyod kishi futbol o‘ynaydi. Bu, dunyo aholisining 4,1 foiziga to‘g‘ri keladi. Ularning 20 milliondan ortig‘i ayollardir. Taxminan 1,5 milliondan oshiq ro‘yxatdan o‘tgan futbol jamoalari va 300 ming professional klublar mavjud.  

AQSHda 20 millionga yaqin, Angliyada 11,5,  Indoneziyada 10, Meksikada 7,4, Xitoyda 7,2, Braziliyada 7, Germaniyada 16,3, Bangladeshda 5,2, Italiyada 4, Rossiya 5,8 milliondan ziyod aholi futbol bilan shug‘ullanishi rasmiy ma’lumotlarda qayd etilgan.  

Xalqaro futbol federatsiyasi 2026 yilga borib dunyo aholisining 60 foizini futbolga jalb etish rejasini e’lon qilgan edi. FIFA futbolni rivojlantirish uchun 4 milliard dollar sarmoya kiritish rejasini ishlab chiqqan.

[gallery-13738]

Xo‘sh, jahon sportida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan futbolni O‘zbekistonda rivojlantirish, uning ommaviyligini ta’minlash borasida olib borilayotgan islohotlar qay tarzda davom etmoqda?

Albatta, O‘zbekiston futboli uzoq va shonli tarixga ega. Uning yuksalish va tanazzulga yuz tutgan pallalari bo‘ldi. Biroq, o‘tgan besh yil mobaynida davlatimiz tomonidan yurtimizda futbol infratuzilmasini rivojlantirishga misli ko‘rilmagan e’tibor qaratildiki, bu, erishilgan natijalarda, mamlakatimizda tashkil etilayotgan xalqaro va ichki musobaqalarda, chempionatlarda, saralashlarda, turnirlarda yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.

Birgina joriy yilda yoshlar terma jamoasining Osiyo kubogida zafar qo‘chishi, 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilarning Argentinada o‘tkazilgan jahon chempionatida qatnashishi, mamlakatimizda bir qator yosh toifalari bo‘yicha mintaqaviy chempionatlar, Osiyo kubogi saralash turnirlarining tashkil etilishi, FIFA tizimidagi xalqaro seminarlar, mashg‘ulotlar Toshkentda uyushtirilayotganligi fikrimizning dalilidir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida yurtimizda futbolni aholi o‘rtasida ommalashtirish,  yuqori iqtidorga ega futbolchilarni tanlash, saralab olish va ularni professional sportchilar sifatida tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish, mamlakat futbolini rivojlangan davlatlar bilan raqobat qila oladigan darajaga yetkazish, xalqaro talab va standartlar asosida mutaxassislar tayyorlash, futbol klublari faoliyatini rivojlantirish, terma jamoalar uchun o‘quv-mashg‘ulot jarayonini samarali tashkil etish, O‘zbekistonda futbol bo‘yicha yirik xalqaro musobaqalar, o‘smirlar, yoshlar va xotin-qizlar jamoalari o‘rtasida jahon va qit’a birinchiliklarini o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Bu yaqinda prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev AQSHga davlat tashrifi davomida Futbol assotsiatsiyalari xalqaro federatsiyasi (FIFA) rahbari Janni Infantino bilan uchrashuvda ham alohida ta’kidlandi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va FIFA o‘rtasidagi samarali sheriklik alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Futbolni rivojlantirish va yoshlarni keng jalb qilish bo‘yicha qo‘shma dastur va loyihalar amalga oshirilayotgani, mamlakatimizda FIFA tadbirlari, jumladan, ayollar va o‘smirlar o‘rtasidagi birinchiliklarni tashkil etish va o‘tkazish masalalari muhokama qilingani e’tiborli bo‘ldi.

Mazkur uchrashuvning yana bir o‘ziga xos jihati – FIFA rahbari Janni Infantino Prezident Shavkat Mirziyoyevga uning ismi tushirilgan futbol to‘pini sovg‘a qildiki, bu, O‘zbekiston kelgusida dunyo futbolining diqqat markazidagi mamlakatlardan biriga aylanishiga ramziy ishora hamdir.

Ma’lumki, kelgusi yilning sentyabr - oktyabr oylarida mamlakatimiz  futzal bo‘yicha Jahon chempionatiga mezbonlik qiladi. Katta futbolning kichik bo‘g‘ini bo‘lgan futzal musobaqalarining eng nufuzlisi - X jahon chempionati Toshkent, Andijon va Buxoro shaharlaridagi sport maydonlarida o‘tkazilishi jahon nigohini O‘zbekistonga qaratishi bilan yuksak sport infratuzilmasi loyihalari yashil maydonlarimizga, xalqimiz hayotiga, turfa sohalar qon tomirlariga kirib kelishini ta’minlashi shubhasiz. Bu orqali iqtisodiy, ijtimoiy, turistik imkoniyatlarimiz yanada kengayishiga qulay muhit yaratiladi.  

O‘tgan yili Qatarda futbol bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionati  FIFAga ham, Qatarga ham juda katta miqdordagi daromadga ega bo‘lish imkonini berdi. Uning iqtisodiy foydasidan tashqari siyosiy va ijtimoiy ko‘lami har jihatdan yuqori bo‘lganligi turli axborot vositalarida o‘ziga xos tarzda talqin qilindi.  

Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) chempionatni tashkil etish va o‘tkazishdan 10,5 milliard dollar daromad oldi. Bu Rossiyada bo‘lib o‘tgan 2018 yilgi jahon chempionatidan 1 milliard dollarga ko‘pdir, deyiladi xabarlardan birida.

FIFA prezidenti Janni Infantino jahon chempionatidan so‘ng ommaviy axborot vositalari bilan muloqotda “Bu futbol tarixidagi eng yaxshi jahon chempionati bo‘ldi. Uning tijoriy va sport ko‘rsatkichlari menga juda yoqdi. Qatardagi turnirga 3,27 million tomoshabin tashrif buyurdi. Shu natijaning o‘ziyoq uning viqori ne chog‘liligini anglatmoqda”, deya ta’kidladi.  

Kutilgan daromadga ega bo‘lgan FIFA jahon chempionati sovrinlari uchun 440 million dollar ajratdi. Bu o‘tgan jahon chempionatiga nisbatan 40 million dollarga ko‘pdir.  

Jahon chempionati ishtirokchilariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘lovlardan tashqari, FIFA futbolchilar o‘ynaydigan klublarga tovon puli ham ajratdi. Shu tariqa, Qatarda o‘ynagan 800 nafar futbolchi uchun Xalqaro futbol federatsiyasi 209 million dollar miqdorida mablag‘ni tuhfa qildi, deyish mumkin.

Davlatimiz rahbari tomonidan futbolga berilayotgan e’tiborning tag zamini ham dunyoda O‘zbekiston futbolining e’tibori, o‘rni, salohiyati hech kimdan kam bo‘lmaydigan darajada bo‘lishiga munosib sharoit yaratishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

Shu o‘rinda bir mulohaza. O‘tgan asr futbolining afsonalari Pele va Marodona, bugungi kun qahramonlari Messi va Ronaldo tufayli o‘z mamlakatlaridagina emas, jahonda sportga, yashil maydon zavqiga ishtiyoqmandlar safi qanchalik ko‘pligini tasavvur qilish uchun olislarga borish shart emas. Yurtimizning har bir mahallasida, guzarida o‘sha futbolchilarga o‘xshashga intilgan ming - minglab yoshlarimiz libosida ularning nomlari bitilgan futbolkalarda maydonda javlon o‘rayotganiga nazar tashlasangiz futbolning kuchi, qudrati ne chog‘li ekanini anglash qiyin emas.

Mamlakatimizda ommaviy futbolni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarning provard maqsadi o‘zbekning o‘z Messilari yetishib chiqishiga, qora ko‘zlarimiz orasidan ham jahon futbolining yorqin vakillari bo‘y ko‘rsatishiga qaratilgan. Hukumat qarorida “2030 yilga borib O‘zbekistonda futbolning ommaviyligini oshirish hisobiga futbol bilan muntazam shug‘ullanuvchilar soni umumiy aholi soniga nisbatan 5 foizga yetkazish nazarda tutilganligi ham shundan.

Bu maqsadga qanday erishiladi? Albatta, aholining, ayniqsa, yoshlarning barcha bo‘g‘inlarini qamrab olish, ular o‘rtasida o‘tkaziladigan musobaqalar soni va sifatini oshirish asnosida. Bugun O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi va boshqa qator tashkilotlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, tashkil etilayotgan musobaqalar ko‘lami hali-hanuz futbolga oshno yuzlab yoshlarni to‘laligicha qamrab olish imkonini bermayotgani ham haqiqat. Bu borada joylardagi mahalla kengashlari, yoshlar tashkilotlari, kasaba uyushmalarining quyi bo‘g‘inlarida yechimini kutib turgan vazifalar yo‘q emaski, kelgusida yurtimizning har bir go‘shasida yosh toifalarini qamrab oladigan futbol turnirlari yo‘lga qo‘yilmog‘i lozim.

Futbol musobaqalari chekka qishloqlarga, mahallalarga kirib borishi kerakki, shundagina ma’lum natijalarga erishish eshiklari yanada kengroq ochiladi. Shundagina yurtimizning o‘nlab Shomurodovlari, Fayzullayevlari, Ahmedovlari kashf etiladi. Ayni holat futbol nafaqat salomatlik, balki iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish omili ekanligi oddiy hayot tarzimizda o‘z aksini topajak.

 

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA