O‘zbekiston professional futbol ligasi joriy yilgi futbol mavsumi davomida Superligada ishtirok etgan jamoalar qancha muxlis to‘plagani haqidagi ma’lumotni e’lon qildi.
Xo‘sh, bu borada qaysi jamoaning futbol fanatlari son jihatdan ustunlikka erishdi-yu, qay birlari bu borada muxlislar e’tiborini u qadar o‘ziga qarata olmadi?

Raqamlarga e’tibor qaratilsa, bir o‘yinga o‘rtacha muxlis tashrifi bo‘yicha vodiyning uch jamoasi - “Neftchi”, “Navbahor” va “Andijon” yetakchilikka erishgan.
"Neftchi" jamoasining har bir o‘yinini bevosita stadionda o‘rtacha 12 ming 263 nafar futbol ishqibozi kuzatib borgan va jamoasini qo‘llab-quvvatlagan.

"Navbahor" futbol o‘yinlarini esa 9 ming 629 nafar muxlis o‘yingohda kuzatgan bo‘lsa, "Andijon" jamoasi uchrashuvlariga o‘rtacha 9 ming 614 nafar futbol fanati kelgan.

Joriy yilgi futbol mavsumida millionlar o‘yini ishqibozlarini stadionga yig‘ishda eng yomon natija "Bunyodkor" jamoasiga tegishli bo‘ldi. Poytaxt jamoasi o‘yinlarni o‘rtacha 928 nafar muxlis kuzatib borgan. Klubning bu ko‘rsatkichini qaysidir ma’noda stadionda ta’mirlash ishlari olib borilgani va ko‘p hollarda uchrashuvlar Toshkentdagi boshqa o‘yingohda o‘tkazilgani bilan izohlash mumkin.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA