Munosabat
Keyingi yillarda milliy taraqqiyotimizning o‘ziga xos yo‘li paydo bo‘ldi. Bu jamoaviy birdamlik va hamjihatlik tuyg‘usi mustahkamlana boshlaganida o‘z ifodasini topmoqda. Fikrimizni dalillash uchun birgina misol keltiramiz: mamlakatimizda jamoaviy sport turlari rivojlanish bosqichiga o‘tdi. Jumladan, futbolda yurtimiz sportchilari, ayniqsa, yoshlarimiz ko‘p yaxshi yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda.

Albatta, bu o‘z o‘zidan bo‘layotgani yo‘q. Buning uchun, avvalo, mahallalarda, maktabgacha va maktab ta’limi muassasalarida yetarlicha sharoit yaratilib, moddiy-texnik baza mustahkamlanmoqda. Bir zum xayolan ortga qayting: bundan atigi 6-7-yil avval ham mahallalarda sport bilan shug‘ullanish uchun sharoit yo‘q edi. Ertalab turib yuguradigan, piyoda yoki velosipedda yuradigan maxsus yo‘lakchalar, guzarlarimizda barcha uchun ochiq va bepul sport inventarlari qo‘yilishi va ularda kun-u tun jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanish imkoni bo‘lishi haqida o‘ylamasdik ham. Bugun bularning bari tabiiy holdek tuyuladi.

Xullas, biz mamlakatimizda futbol rivojlanayotgani haqida gap boshlagan edik. 20-mart kuni Prezidentimiz bu borada yana bir muhim hujjatni – “Mahallalarda futbol infratuzilmasini rivojlantirish va tarmog‘ini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Faxr bilan aytish joizki, bu qaror istiqbolli va iqtidorli futbolchilarni tanlash va tayyorlashning samarali tizimini yaratish, milliy terma jamoalar va professional futbol klublari uchun sifatli sport zaxirasini shakllantirish, mahallalardan boshlab futbol infratuzilmasini rivojlantirish, futbol maktablari, akademiyalariga iqtidorli futbolchilarni saralab olishni yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

Bu qarorning muhim jihatlari nimalardan iborat va bizni oldinda qanday chora-tadbirlar kutmoqda?
Futbolni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar eng quyi tizimgacha tushiriladi hamda mahallalardan boshlab iqtidorli yoshlarni saralab olish (seleksiya) tizimi yaratiladi.
Buning uchun mahalladagi yoshlar yetakchisiga bir qator vazifalar yuklanmoqda. Endilikda yoshlar yetakchisi mahalla yoshlarini ommaviy va professional futbolga qiziqtirish, shuningdek, bu borada turli targ‘ibot-tashviqot ishlarini tashkil etadi.
Bu qanday bo‘ladi? Avvalo, yoshlar yetakchisi mahallalarda mavjud bo‘lgan futbol bo‘yicha sport inshootlari hamda boshqa sport maydonchalaridan tizimli va samarali foydalanilishni tashkil etishi kerak. Shundan so‘ng mahallada futbol bo‘yicha erkaklar va ayollarning turli yosh toifalari kesimidagi mahalla terma jamoalarini shakllantirish hamda ularni tayyorlash ishlariga kirishiladi.
Keyingi navbatda mahalla yoshlarining futbol bilan shug‘ullanishi uchun yetarli shart-sharoitlar yaratilgani tahlil qilinadi hamda futbolni rivojlantirish bo‘yicha sport-ta’lim tashkilotlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Mahallalardagi yosh iqtidorli futbolchilarni aniqlash hamda ularni professional futbol ta’lim muassasalariga yo‘naltirib borish ham yoshlar yetakchisi oldidagi muhim vazifalardan biriga aylanishi kerak. Bundan tashqari, mahallalarda futbol infratuzilmasini rivojlantirish, sport inventarlari bilan ta’minlash va mahalla terma jamoalariga qo‘shimcha shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga takliflar kiritish ham uning zimmasiga yuklatilmoqda.

Bundan ko‘rinadiki, mahallada futbolni rivojlantirishda yoshlar yetakchisining alohida o‘rni bo‘ladi. Lekin bu bilan mas’uliyatli vazifa faqat uning zimmasida ekan, degan xulosa kelib chiqmasligi kerak. Gap shundaki, qarorda yoshlar yetakchisi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaydigan tizim ham ko‘zda tutilgan.
Aytaylik, mahalladagi yoshlar yetakchisining futbol sohasidagi faoliyatiga tizimli ravishda amaliy yordam ko‘rsatish O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining hududiy bo‘linmalari, sport maktablaridagi futbolni rivojlantirish bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari, futbol murabbiylari va joylardagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari zimmasiga yuklatilgan. Qolaversa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yoshlar ishlari boshqarmalari yoshlar yetakchilarining hududlarda futbol sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirishga ko‘maklashib boradi.

Sharhimiz avvalida mahallalarda sport, umuman, jamoaviy sport va birdamlik muhiti paydo bo‘lgani haqida gapirgan edik. Prezidentimiz qarori bilan bu boradagi ishlar yanada keng ko‘lamda rivojlanadi.

Buning uchun Sport vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mas’ul bo‘ladi. Chunki endilikda ular Davlat byudjeti hisobidan mahallalarda namunaviy tipdagi sport inshootlarini barpo etishda jamoaviy sport turlariga ustunlik berish to‘g‘risida taklif berib boradi.

Qarordagi muhim jihatlardan yana biri sifatida endilikda futbolni mahalladan boshlab rivojlantirish va mahallalardagi iqtidorlarni kashf etish uchun samarali tizim tashkil qilinayotganida ko‘zga tashlanadi. Eng asosiysi, buning uchun O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, Sport vazirligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mas’ul bo‘lmoqda.
Mahalla faollari, futbol ishqibozlari va yoshlarimizda “bu mas’ullik bizga nima beradi”, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Savolga javobni qarorda belgilangan vazifalar mazmunidan topamiz.
Birinchidan, mas’ul idoralar har yili 1-yanvarga qadar mahallalarda o‘tkaziladigan futbol musobaqalari, chempionat va turnirlarning alohida yillik kalendar rejasini tasdiqlab boradi.
Ikkinchidan, mahalla terma jamoalarining 12-15 yosh toifalari o‘rtasida ikki bosqichli “Mahalla ligasi” va 16-30 yosh toifalari o‘rtasida uch bosqichli DXX kubogi musobaqalarini o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Uchinchidan, bir oy muddatda futbol musobaqalarining yillik kalendar rejasiga muvofiq musobaqalarni o‘tkazish va g‘olib bo‘lgan mahalla jamoalarini rag‘batlantirish tartibi ishlab chiqiladi.
To‘rtinchidan, 2024/2025 o‘quv yiliga qadar “Mahalla ligasi” musobaqalarida o‘z iqtidorini namoyon etgan eng iqtidorli futbolchi yoshlarni saralab olish (seleksiya) orqali hududiy futbol va sport maktablari hamda futbol akademiyalariga yo‘naltirib borish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Qarordagi yana bir muhim yangilikni e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak. Endilikda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan birgalikda 2024-yildan boshlab Angliya maktablari futbol assotsiatsiyasi tajribasi asosida barcha umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida 8-11-sinf o‘quvchilari orasidan bir nafar maktab futbol yetakchisini tanlab olish tizimini yo‘lga qo‘yadi.
Bu yetakchilar nima ish qiladi? Ular maktablar o‘rtasida bo‘ladigan musobaqalarda o‘z maktabining ishtirok etishi bilan bog‘liq masalalarda sport maktabi direktorining futbolni rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosariga ko‘maklashadi.
Umuman olganda mana shu chora-tadbirlarning barchasi yig‘ilib, avvalo, mahalla miqyosida, so‘ng tuman, shahar, viloyat, va nihoyat mamlakat hamda dunyo bo‘ylab o‘zbek futboli rivojiga xizmat qiladigan yaxlit mexanizmga aylanishi maqsad qilingan.
Buning uchun barchamiz o‘z zimmamizdagi vazifani vijdonan va sidqidildan bajarishimiz kerak bo‘ladi.
Azamat ABDURAIMOV,
Toshkent shahar futbol assotsiatsiyasining
birinchi vitse-prezidenti,
Damir ISMAGILOV,
Toshkent shahar futbol assotsiatsiyasining
texnik direktori, pedagogika bo‘yicha
falsafa doktori, dotsent.
O‘zA