Qish mavsumida sport sohasida ba’zi bir sport turlari bo‘yicha musobaqalar biroz tin olib, sportchilar hordiq chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ammo shunday sport turlari borki, mavsum tanlamaydi va muntazam ravishda turli musobaqalar tashkil etilib, muxlislarning qiziqishiga sabab bo‘ladi. U bilan bog‘liq yangiliklar ham ixlosmandlarning e’tiborini tortadi. Bu, millionlar o‘yini fotboldir.
Shu kunlarda Osiyo qit’asida to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasi – Osiyo kubogi boshlanish arafasida. Hozirda Osiyoning qariyb barcha terma jamoalari Qatar poytaxti Doha shahrida jam bo‘lib, 12 yanvar kuni start oladigan musobaqaga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Mazkur musobaqada O‘zbekiston milliy terma jamoasi ham g‘oliblikka asosiy da’vogarlar qatorida sanalmoqda va terma jamoamiz Osiyo kubogiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqda. To‘g‘ri, tarkibda asosiy hujumchimiz Eldor Shomurodov jarohat sabab o‘rin olmagan bo‘lsada, uning o‘rnini bosadigan bir qator futbolchilarimiz borligi bizning qalbimizga taskin bermoqda. Hozircha termamiz tarkibida katta muammolar yo‘q. Umid qilamizki, Srechko Каtaнец boshchiligidagi milliy jamoamiz uzoq kutilgan g‘alabalarga erishadi.
Bilasizki, O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo kubogining “V” guruhida Suriya, Hindiston va Avstraliya bilan kuch sinashadi. Guruhdagi asosiy raqiblarimizdan biri Suriya terma jamoasi kecha Malayziya bilan o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazdi va 2:2 hisobida durang natija qayd etildi. Bu o‘yinda garchi suriyaliklar barcha sirlarini ochmagan bo‘lsada, jamoa yaxshi shakllangani va o‘yin amaliyotiga ega ekanini ko‘rsatmoqda. Aynan kubokdagi ilk raqibimiz Suriya termasi ekani bois, ushbu o‘yinda biz uchun g‘alaba o‘ta muhimdir.
Tarixga nazar tashlasak O‘zbekiston va Suriya termalari o‘rtasidagi so‘nggi ikki o‘yinda, aniqrog‘i, 2016 yilgi bahsda futbolchilarimiz 1:0 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lsa, 2017 yilgi uchrashuvda suriyaliklar ham ana shunday hisobda zafar quchgan. Bu o‘yinlar 2018 yilda jahon chempionatining saralash bosqichida o‘tkazilgan. Oradan qariyb 7 yil o‘tdi. Terma jamoamizning o‘yin uslubi o‘zgardi. Biroq Suriya ham o‘yin borasida katta tajriba to‘pladi. Nima bo‘lganda ham hammasini vaqt ko‘rsatadi.
Osiyo kubogi haqida yana bir muhim xabar. O‘zbekistonlik FIFA referisi Ahrol Risqullayev musobaqa oldi o‘tkazilgan jismoniy tayyorgarliklar jarayonida olgan jarohati tufayli, afsuski, musobaqada ishtirok eta olmaydi. Uning o‘rniga OFK tomonidan tojikistonlik FIFA referisi Gulmurodi Sa’dullo Osiyo kubogiga jalb etildi.
Ma’lumot uchun, Ahrol Risqullayev yakuniga yetgan 2023 yilgi mavsumda ichki musobaqalarda 12 ta, xalqaro turnirlarda esa 13 ta uchrashuvni bosh hakam sifatida boshqargan va yakunda yilning eng yaxshi hakami, deb topilgan edi.
Endi esa milliy chempionatlarimizda o‘ynaydigan klublarning transferlari haqida so‘z yuritamiz.
Olmaliqning “OKMK” klubi tarkibiga “Mash’al” futbol jamoasi tarbiyalanuvchisi hisoblangan Javohir Ilyosov qo‘shildi. 20 yoshli Javohir faoliyati davomida Muborakning “Mash’al”, Bekobodning “Metallurg”, Toshkentning “Lokomotiv” va Navoiyning “Qizilqum” jamoalarida o‘ynagan. “OKMK” va futbolchi o‘rtasida 2 yillik shartnoma imzolandi.
“Sho‘rtan” professional futbol klubi o‘z oldiga 2025 yilda Superligaga chiqish maqsadini qo‘ydi va bu yo‘ldagi ilk qadamini jamoani kuchaytirishdan boshladi. Jamoaning mohir hujumchisi Muhriddin Zoirov 2024 yilda ham g‘uzorliklar sharafini himoya qiladigan bo‘ldi. Tajribali himoyachi Timur Nabiyev ham amaldagi shartnomasini bir yilga uzaytirdi. Yosh va umidli yarim himoyachi Javohir Hasanov yangi mavsumda g‘uzorliklar bilan birga bo‘ladi. O‘tgan mavsumda “Sho‘rtan” darvozasi daxlsizligini munosib himoya qilgan Sherzod Abduraimov ham yangi mavsumda klubga yordam beradi. Bundan tashqari, Shukurali Po‘latov himoyachi sifatida 2024 yilda jamoa sharafini himoya qiladi. Shuningdek, “Sho‘rtan” o‘tgan mavsumda “Qo‘qon-1912" safida to‘p tepgan Jasur O‘rinovni o‘z tarkibiga qo‘shib oldi.
Toshkentning “Bunyodkor” klubi, o‘z safiga ikki nafar xorvatiyalik legioner – Freyn Chiryak hamda Toni Yovichni bir yilga qo‘shib oldi. Transferlar davrida “Surxon” jamoasi ham o‘z tarkibidagi futbolchilar bilan shartnomani uzoqlashtirishga qaror qildi. Klub yangi mavsumda darvozabon Davron Merganov va himoyachilar Behruz Shaydulov hamda Sunnatullo Hamidjonov bilan shartnomani 2025 yil oxirigacha uzaytirdi.
“So‘g‘diyona” esa “Bunyodkor” jamoasi sharafini himoya qilgan tajribali yarim himoyachi Shohrux Abdurahmonovni sotib oldi. “Neftchi” klubi esa tez orada nigeriyalik futbolchi Benjamin Teidini o‘z safiga qo‘shib olmoqchi. Mohir darvozabon Zafar Safoyev “Nasaf” bilan ikki yillik shartnomaga imzo chekdi. "Dinamo" klubi esa yangi mavsum oldidan uch futbolchini – Humoyunmirzo Iminov, Akbarjon Ismatullayev va Anvarjon Fayzullayevni O‘zPFLda ro‘yxatdan o‘tkazdi. O‘zbekiston Superligasining eng qimmat futbolchisi Odil Hamrobekov “Paxtakor”dan ketdi. Biroq qaysi jamoaga o‘tgani haqida aniq ma’lumotlar berilmadi. Unga “Navbahor” klubi jiddiy qiziqish bildirayotgan edi.
“Lokomotiv”da esa futbolchilar o‘rniga murabbiylar shtabi yangilandi. Klub matbuot xizmati xabariga ko‘ra, jamoa bosh murabbiyi etib Yorqin Nazarov tayinlandi. Katta murabbiy sifatida Aleksandr Stoymirovich (Serbiya), murabbiy bo‘lib esa Marko Bayich (Serbiya) faoliyat ko‘rsatadi.
Jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiylik vazifasini Akmal Shorahmedov bajaradi. Darvozabonlarga Alisher Ahmedov ustozlik qiladi. Barcha sohalar tahlilini Shavkat Imomov amalga oshiradigan bo‘ldi.
Garchi milliy ligalarimizda to‘p tepmayotgan bo‘lsada, O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, Otabek Shukurov “Fotix Karagyumryuk”ni tark etgani haqida xabaringiz bor. Tajribali yarim himoyachimiz Otabek Shukurov faoliyatini qaysi klubda davom ettirishi ko‘pchilik futbol ixlosmandlari uchun qiziq bo‘lmoqda. Turkiya quyi ligasi jamoasi “Kojayelispor” Otabek Shukurov bilan 1,5 yoki 2,5 yillik shartnoma imzolashni rejalashtirgandi, lekin yarim himoyachi klub bilan muzokaralar olib borishni ham xohlamadi.
Shu tariqa, o‘tgan kecha va kunduzda bir qator milliy transferlar amalga oshirildi. Umid qilamizki, 26 fevralga qadar davom etadigan transferlar mavsumida jamoalarimiz o‘zlari uchun kerakli bo‘lgan futbolchilar bilan shartnoma imzolaydi va yangi mavsumni yuqori notada boshlaydi.
Bilasiz, o‘tgan mavsumda Toshkentning “Paxtakor” klubi Superliga g‘olibiga aylandi. O‘zPFL matbuot xizmati o‘tgan mavsumda “Paxtakor” stadioni nechta o‘yinga mezbonlik qilgani haqida xabar e’lon qildi. Unga ko‘ra, 2023 yilda klub stadioni 56 uchrashuvga mezbonlik qildi. "Sherlar" o‘yingohi 27 ta Superliga, 8 ta “U-21" chempionati, 5 ta O‘zbekiston kubogi, 5 ta o‘rtoqlik uchrashuvi, 4 ta “CAFA Nationʼs Cup“, 3 ta ayollar o‘rtasida klublar bo‘yicha Osiyo chempionati va Parij Olimpiadasi yo‘lidagi o‘yinlar, shuningdek, bitta ”Mirabror Usmonov xotira turniri” doirasidagi bahslarga mezbonlik qildi.
Endi esa Yevropa, Osiyo va Afrika qit’asiga oid bo‘lgan muhim xabarlarni e’tiboringizga havola etamiz.
Dastlab, “PSJ” futbolchisi Kilian Mbappening yozda “Real” safiga ko‘chib o‘tishi deyarli aniq ekani borasida kecha matbuot uzra baland yangragan xabarlar Parij klubi vakillari tomonidan rad etildi. Jamoa ichidagilar ushbu kelishuvdan bexabar. “RMC Sport” nashri xabariga ko‘ra, bu mavzu hamon mavhumligicha qolmoqda. Futbolchining qolishi yoki ketishi hamon to‘la hal etilmagan.
Eslatib o‘tamiz, Mbappe joriy mavsum Fransiya chempionatining 16 o‘yinida 18 ta gol urdi va eng yaxshi to‘p urar bo‘lib turibdi.
Osiyo qit’asida o‘tgan mavsum katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan Saudiya Arabistoni klublari tomondan amalga oshirilgan transfer haqida barcha ma’lumotlar yodingizdadir.
Aynan shu transferlarni amalga oshirgan “Al-Ahli”, “Al-Hilol”, “An-Nasr” va “Al-Ittihod” klublari Saudiya Arabistoni suveren fondi tomonidan moliyalashtiriladi. Ushbu fond rahbariyati mazkur klublarning qishki transferlariga jiddiy chegara qo‘ydi. Endi bu klublar fondning yordamisiz katta xaridlarni amalga oshira olmaydi. Qoidaga ko‘ra, har bir klub transfer siyosatini o‘zi yuritadi, biroq har qanday xarid qator talablar asosida qilinadi.
Hozirgi paytda klublarning hech qaysisi davlat pullarisiz yuqori saviyadagi qimmatbaho o‘yinchilarni olib kelolmaydi.
Joriy yilning 13 yanvar kunidan boshlab Kot-d`Ivuarda Afrika millatlar kubogi boshlanadi. Afrika mamlakatlarining ko‘plab futbolchilari Yevropa qit’asi jamoalarida o‘ynaydi. Bu galgi Afrika chempionatida qatnashadigan terma jamoalar orasida Yevropa futbolida nom chiqargan futbolchilar xizmatidan voz kechganlari ham bor. Musobaqa mezbonlari bosh murabbiyi Jan-Lui Gasse mashhur hujumchi Vilfrid Zaaga taklif yubormadi.
Jazoir terma jamoasi murabbiylar shtabi esa “Vest Xem” forvardi Said Benrahmanini tarkibga kiritmagan bo‘lsa, kamerunliklar “Bavariya” hujumchisi Erik Maksim Shupo-Moting xizmatlariga ehtiyoj yo‘qligini ta’kidladi. Shuningdek, Nigeriya terma jamoasi “Nitssa” hujumchisi Terem Moffini, Tunis termasi esa “Manchester Yunayted” a’zosi Xannibal Mejbridan foydalanmaydigan bo‘ldi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA